Kia 30 ming dollarlik ilk elektr pikapini taqdim etdi

eʼlon qilindi
PV5 Open Bed modeli
Foto: Kia

Kia kompaniyasi o‘z tarixidagi ilk to‘liq elektr pikapni rasman bozorga chiqardi. Bu haqda Electrek nashri xabar berdi.

Gap ikki yil avval konsept sifatida namoyish etilgan transformatsiyalanuvchi PV5 modeli asosida yaratilgan PV5 Open Bed haqida bormoqda. Yangi modelning boshlang‘ich narxi $30 mingni tashkil etadi.

Foto: Kia

Kompaniya Janubiy Koreyada ushbu elektr pikap uchun buyurtmalarni qabul qilishni boshlab yubordi. Mahalliy subsidiyalar hisobiga avtomobil narxi $20,8 minggacha arzonlashishi ham mumkin.

Foto: Kia

PV5 — Kia’ning Platform Beyond Vehicle (PBV) deb nomlangan yangi bo‘linmasi doirasida yaratilgan ilk to‘liq elektr furgoni hisoblanadi. Hozirda uning bir nechta modifikatsiyalari ayrim bozorlarda allaqachon sotuvga chiqqan. Endilikda esa pikap versiyasi ham qo‘shildi. Bundan tashqari, kompaniya PV5 Passenger hamda nogironlar aravachasi uchun yon tomondan kirish imkoniga ega bo‘lgan PV5 WAV versiyalari uchun ham buyurtmalarni ochgan.

Foto: Kia

PV5 Open Bed pikapining o‘lchamlari 5040 × 1895 × 1950 mm bo‘lib, g‘ildirak bazasi 2995 mm ni tashkil etadi. Yukxona uzunligi 2420 mm, kengligi esa 1750 mm ga teng.

Foto: Kia

Model 51,5 kVt·soat yoki 71,2 kVt·soat sig‘imli batareyalar bilan taklif etiladi. Kia ma’lumotiga ko‘ra, bu ko‘rsatkichlar uni o‘z sinfidagi eng katta yurish zaxirasiga ega avtomobillardan biriga aylantiradi. Shunga qaramay, real masofa mos ravishda 250 va 330 kilometr bilan cheklanadi. Kompaniya bu ko‘rsatkichni izohlar ekan, PV5 Open Bed asosan shahar sharoiti uchun mo‘ljallangan avtomobil ekanini ta’kidlaydi.

Foto: Kia

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Kia Sonet avtomobilining yangi versiyasi namoyish qilingani haqida yozgandi.

Shuningdek