O‘zbekistonda 2025-yilda tug‘ilish ko‘rsatkichi 5 foizga kamaydi

2025-yilda O‘zbekistonda jami 879 mingta tirik tug‘ilish holati qayd etildi. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 46,8 ming nafarga yoki 5 foizga kamaygan.
So‘nggi ikki yillik dinamikada tug‘ilishlar sonining pasayishi kuzatilgan. 2024-yil yanvar–dekabr oylarida 926,4 ming ta tug‘ilish qayd etilgan bo‘lsa, 2025-yilda bu raqam 880 mingga yetmagan. 2024-yilgi ma’lumotlarga qaraganda, o‘g‘il bolalar soni (479,5 ming) qiz bolalarga (446,8 ming) nisbatan 32,6 ming nafarga ko‘proqni tashkil qilgan.

2025-yilgi hududiy taqsimotda Samarqand viloyati yetakchilik qilmoqda, bu yerda 106 ming nafar chaqaloq dunyoga kelgan. Keyingi o‘rinlarni Qashqadaryo (99,6 ming) va Farg‘ona (98,3 ming) viloyatlari egallagan. Eng kam tug‘ilish ko‘rsatkichi Sirdaryo (21 ming) va Navoiy (24,1 ming) viloyatlarida kuzatilgan.
Poytaxt Toshkent shahrida 2025-yili 62,3 mingta, Toshkent viloyatida esa 64,2 mingta tug‘ilish qayd etilgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasida bu ko‘rsatkich 39,2 ming nafarni tashkil etdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoyda to‘rtinchi yil ketma-ket aholi soni kamayishi kuzatilgani haqida xabar bergan edi.