“Qulayotgan” oltin, sotuvga chiqqan Chevrolet — 2-fevralda e’lon qilingan muhim yangiliklar

eʼlon qilindi
O‘zbekistonda Parkinson yoki Alsgeymer bilan kasallanganlarga qarab turish xizmati yo‘lga qo‘yiladi
Foto: Kursiv Uzbekistan

«Qulayotgan» oltin, sotuvga chiqqan Chevrolet — 2-fevralda e’lon qilingan muhim yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.

Fevral oyining pensiya puli qachon to‘lanadi

Foto: Ijtimoiy tarmoq

Pensiya jamg‘armasi plastik kartada va naqd shaklda pensiya oluvchi fuqarolarga pullar qachon to‘lab berilishi haqida ma’lumot berdi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, Pensiya jamg‘armasining tuman va shahar bo‘limlari har bir to‘lov oyining 2-kuniga qadar to‘lov hujjatlarini shakllantiradi. Ushbu hujjatlar oyining 4-kuniga qadar pensiyani yetkazib berishga mas’ul tashkilotlarga taqdim etiladi.

17 kunda aholining 30 milliondan ortig‘i onlayn ro‘yxatdan o‘tdi

17 kunda aholining 30 milliondan ortig‘i onlayn ro‘yxatdan o‘tdi
Ekran tasviri census.stat.uz sahifasidan

Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonlarining birinchi bosqichida 30 milliondan ortiq aholi tizimda ro‘yxatdan o‘tdi.

Birinchi bosqich 2026-yilning 15–31-yanvar kunlari census.stat.uz portali orqali onlayn shaklda amalga oshirildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, atigi 17 kun ichida mamlakatdagi barcha xonadonlarning 82,3 foizida yashovchi 30 milliondan ortiq aholi onlayn savolnomani to‘ldirdi. Bu ko‘rsatkich MDH davlatlari orasida rekord natija sifatida qayd etildi.

2025-yilda yuk tashishlarga bo‘lgan talab 3,4 foizga oshdi

Foto: Pexels

2025-yilda yuk tashishlarga bo‘lgan talab yuk-tonna-kilometrlar hisobida 3,4 foizga oshdi. Bu haqda Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) Kursiv Uzbekistan nashriga ma’lum qildi. Xalqaro yuk tashishlar bo‘yicha o‘sish 4,2 foizni tashkil etdi. Yuk tashish sig‘imi esa 3,7 foizga kengaydi.

Dekabr oyida global yuk talabi 2024-yil dekabriga nisbatan 4,3 foizga oshdi. Xalqaro yo‘nalishlarda bu ko‘rsatkich 5,5 foiz bo‘lgani qayd etildi.

800 mln so‘mlik Chevrolet Traverse Z71 sotuvga chiqdi

800 mln so‘mlik Chevrolet Traverse Z71 sotuvga chiqdi
Foto: UzAuto Motors

UzAuto Motors O‘zbekistonda yangi Chevrolet Traverse Z71 modeli sotuvi boshlanganini e’lon qildi. Uning narxi 795 mln so‘mni tashkil etadi.

Ma’lum qilinishicha, avtomobilni xarid qilish bo‘yicha shartnomalarni UzAuto Motors’ning barcha rasmiy dilerlik markazlarida rasmiylashtirish mumkin.

Qishki Olimpiada–2026: O‘zbekiston to‘rtta yo‘llanma oldi

Foto: MOQ

O‘zbekiston terma jamoasi Italiyada bo‘lib o‘tadigan navbatdagi Qishki Olimpiya o‘yinlariga jami 4 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Bu haqda MOQ malum qildi.

Saralash musobaqalari yakuniga ko‘ra, o‘zbekistonlik sportchilar figurali uchish, tog‘ chang‘isi va short-trek yo‘nalishlarida Olimpiada talablarini bajargan edi. Italiyaga boradigan tarkibda 2004-yilda tug‘ilgan Medet Nazarov (tog‘ chang‘isi) va tajribali Danil Yeybog (short-trek) bor. Nazarov slalom va gigant-slalomda qatnashsa, Yeybog 500 metr masofada bellashadi.

O‘zbekistonda 2025-yilda tug‘ilish ko‘rsatkichi 5 foizga kamaydi

Foto: Toshkent shahar statistika boshqarmasi

2025-yilda O‘zbekistonda jami 879 mingta tirik tug‘ilish holati qayd etildi. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 46,8 ming nafarga yoki 5 foizga kamaygan.

So‘nggi ikki yillik dinamikada tug‘ilishlar sonining pasayishi kuzatilgan. 2024-yil yanvar–dekabr oylarida 926,4 ming ta tug‘ilish qayd etilgan bo‘lsa, 2025-yilda bu raqam 880 mingga yetmagan. 2024-yilgi ma’lumotlarga qaraganda, o‘g‘il bolalar soni (479,5 ming) qiz bolalarga (446,8 ming) nisbatan 32,6 ming nafarga ko‘proqni tashkil qilgan.

O‘zbekistonda Parkinson yoki Alsgeymer bilan kasallanganlarga qarab turish xizmati yo‘lga qo‘yiladi

Alsgeymer tashxisi qo‘yilgan shaxslar uchun kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati ko‘rsatiladi. Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi qarori asosida ayrim hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritildi.

Qaror bilan «Faol hayotga qadam» dasturi joriy etilishi munosabati ortidan hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarning O‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar reyestriga kiritilgan paytdan boshlab har chorakda 1 marotaba yashash sharoitlari ishchi guruh tomonidan qayta baholanishi talabi bekor qilinadi.

Andijonda chiqindi uchun aholidan 3,5 mlrd so‘mdan ortiq pul asossiz undirildi

Andijon viloyatida iste’molchilardan asossiz ravishda 3,5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ undirib olgan korxona aniqlandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.

Gap shundaki, «And Obod» MChJ tomonidan aholiga maishiy chiqindilarni yig‘ish va tashib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yilgan. Xususan, mazkur korxona o‘z zimmasiga yuklatilgan hududlarda chiqindilarni belgilangan grafik asosida to‘plash va tashib chiqish ishlarini to‘liq va sifatli bajarmagan. Buning oqibatida ayrim hududlarda ko‘plab chiqindilar to‘planib qolgan.

2025-yilda Oʻzbekistonda 19 ming nafarga yaqin shaxs ozodlikdan mahrum qilindi

2025-yilda Oʻzbekistonda sudlar 79,6 ming nafar shaxsga nisbatan 63,2 mingta jinoyat ishini koʻrib chiqdi. Shu jarayonda 422 kishi oqlandi va reabilitatsiya qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Jinoyat ishlarining katta qismi Toshkent shahri, Farg‘ona, Toshkent, Samarqand va Namangan viloyatlarida ko‘rilgan.

Balujistondagi terror oqibatida 33 kishi halok bo‘ldi

Pokiston hududida joylashgan Balujiston viloyatida terrorchilar hujumi oqibatida 33 kishi halok bo‘ldi. Xavfsizlik kuchlari 92 nafar hujumchini yo‘q qilganini ma’lum qildi, deya yozmoqda CNN.

Hujumlar viloyat bo‘ylab bir vaqtda boshlangan. Quetta shahrida politsiya transport vositasiga granata tashlangan va ikki politsiya xodimi halok bo‘lgan. Mastung tumanidagi qamoqxona hujumida 30 dan ortiq mahbus ozod qilingan. Nushki tumanidagi yarim harbiy kuchlar shtabiga qilingan hujum rad etilgan.

Shuningdek