Bank mansabdori birovning 120 ming dollarini qimorga tikib yubordi

eʼlon qilindi
Tijorat bankining nomi ochiqlanmagan
Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Toshkent shahrida $120 mingni internet tarmoqlaridagi qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinga tikib talon-toroj qilgan shaxslar fosh etildi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Nomi ochiqlanmagan ushbu tijorat bankining murojaatiga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Yashnobod bank filialida bo‘lim boshlig‘i vazifasida ishlovchi mulozim MChJ mas’ul shaxslari va boshqalar bilan o‘zaro til biriktirib, boshqa bir MChJga $120 ming kredit ajratilishiga erishgani aniqlangan.

Keyinchalik ushbu mansabdor soxta hujjatlarni rasmiylashtirish orqali kredit mablag‘ini naqdlashtirib olib, pulni internetdagi qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarga ishlatib, talon-toroj qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» endilikda fuqaro bir kun davomida faqat bitta bank yoki kredit tashkilotidan onlayn kredit olishi mumkinligi haqida yozgandi.

Shuningdek