Toshkent–Chorvoq yo‘lida tezlik 80 km/soatgacha pasaytirildi

Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va Bo‘stonliq tumanlari hududidan o‘tuvchi Toshkent–Chorvoq avtomobil yo‘lida ayrim qismlarda transport vositalarining maksimal tezligi 80 km/soatgacha cheklandi. Qaror bugun, 2-fevral kuni viloyat Xalq deputatlari kengashida qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2025-yilda D 012 Byektemir–Chirchiq–G‘azalkent–Chorbog‘ qo‘rg‘oni yo‘lida 19–74 km oralig‘ida tezlik qoidalariga rioya qilinmaganligi sababli 63 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan, 15 kishi halok bo‘lgan va 50 kishi tan jarohati olgan.
Xavfsizlikni oshirish maqsadida aholi yashash hududidan tashqari qismlarda transport vositalari tezligi 100 km/soatdan 80 km/soatgacha kamaytirildi. Tezlik cheklovi 19–20 km, 44–45 km, 49–50 km, 61–62 km, 64–65 km va 71–74 km oralig‘idagi qismlarda amal qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent viloyatida avtomobillar tezligi 100 km/soatdan 80 km/soatga tushirilishi haqida yozgandi.