Mahallalar nomlari va hududlari qayta ko‘rib chiqilmoqda

eʼlon qilindi
Davlat kadastrlari palatasi Respublika toponimika boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Jasanov ma’lum qildi
Mahalla fuqarolar yig‘ini yagona reestri shakllantiriladi
Foto: Eruasia.Travel

O‘zbekistonda mahallalar nomlari va ularning chegaralarini belgilash hamda o‘zgartirish jarayonlari qat’iy qonunchilik asosida amalga oshirilmoqda. Bu haqda Davlat kadastrlari palatasi Respublika toponimika boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Jasanov ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, mahallalarni tuzish, birlashtirish, bo‘lish yoki tugatish, shuningdek, chegaralarini belgilash va o‘zgartirish Vazirlar Mahkamasi qarori hamda fuqarolar yig‘ini kengashlari takliflari asosida amalga oshiriladi. Yakuniy qarorlar esa xalq deputatlari viloyatlar yoki Toshkent shahar Kengashlari tomonidan qabul qilinadi.

Mahalla nomlari asosan fuqarolar tashabbuslari, o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek, korxona va muassasalar murojaatlari asosida shakllantiriladi. Kadastr agentligi ushbu nomlarning qonunchilik talablariga muvofiqligini davlat ekspertizasi orqali tekshiradi va xulosalar asosida ularni xalq deputatlari Kengashlariga kiritadi.

Jarayonlarning barchasi, jumladan, mahallalar nomlari va chegaralariga oid masalalar, tuman yoki shahar hokimi hamda idoralararo doimiy komissiya nazoratida olib boriladi. Takliflar joyiga chiqib o‘rganiladi va ularni qanoatlantirish yoki rad etish bo‘yicha xulosa tayyorlanib, yuqori kengashlarga taqdim etiladi.

Hozirgi kunda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va Kadastr agentligi hamkorligida 9 008 ta mahalla chegaralari xatlovdan o‘tkazilib, ularning geoaxborot bazasi shakllantirilgan. Shuningdek, 1 974 ta mahalla nomi davlat ekspertizasidan o‘tkazilib, xalq deputatlari Kengashlari qarorlari bilan rasmiy ravishda o‘zgartirilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan og‘ir tumanlardagi 903 ta mahallaning har biriga 1 mlrd so‘mdan ajratilishi haqida yozgandi.

Shuningdek