
Yangilangan Jetour T2 krossoveri bir nechta mamlakatlarda sotuvga chiqarildi. Model tashqi va ichki dizayndagi kichik yangilanishlar bilan taqdim etilgan.
Yangilangan Jetour T2 uchta komplektatsiyada taklif etiladi. Bular Voyage, Expedition va Discovery versiyalaridir. Ishlab chiqaruvchi tavsiya qilgan boshlang‘ich narx Rossiyada 3,9 mln rublni ($51 ming) tashkil etadi.
Tashqi ko‘rinishda rang aksentlariga o‘zgartirish kiritilgan. Oldingi relinglar, tortish ilgaklari va g‘ildirak disklarda qo‘llanilgan salat rangli dekor elementlari endi qora rangda taqdim etilgan. Discovery versiyasida disklar ustidagi dekorativ vintlar olib tashlanib, disk markazidagi tiqin ham salat rangdan qora rangga almashtirilgan.

Radiator panjarasidagi yoritiladigan logotip yangilanini ko’rish mumkin. Kapotdagi dekorativ tutqichlar va yukxona eshigi ilmaklari dizayni ham o‘zgartirildi. Old bamperda to‘rtburchak shakldagi yangi dekorativ qoplamalar paydo bo‘ldi. Ular to‘qqizta bo‘limga ajratilgan.
Salon dizaynida o‘zgarishlar kamroq: old panel, rul, markaziy tirsakqo‘ygich, old va orqa qator o‘rindiqlari endi to‘liq qora rangda bajarilgan. Avvalgi kulrang-qora rangdan voz kechilib, ventilyatsiya panjarlari yangicha dizayn olgan. Shuningdek, avtomobilning brend kalit-breloki shakli va plastik teksturasi yangilandi.
Texnik jihatdan model o‘zgarishsiz qolgan. Jetour T2 245 ot kuchiga ega 2 litrli dvigatel bilan jihozlanadi. Aylanish momenti 375 Nm ni tashkil etadi. Dvigatel 7 pog‘onali robotlashtirilgan uzatma yoki 8 pog‘onali avtomat transmissiya bilan ishlaydi. Yurish qismi to‘liq uzatmali.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Jetour T2 avtomobilining afzallik va kamchiliklari ochiqlangani haqida yozgan edi.