Buxoro va Surxondaryoda chiqindidan elektr oladigan zavodlar quriladi

Buxoro va Surxondaryo viloyatlarida chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqaradigan zamonaviy zavodlar qurilishi boshlandi. Chiqindilarni boshqarish agentligi 2-fevral kuni ushbu loyihalarga rasmiy ravishda tamal toshi qo‘yilganini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Buxoro viloyatining Kogon tumani Guliston mahallasida Xitoyning Wangneng Environment kompaniyasi ishtirokida $140 mln miqdorida investitsiya hisobiga zavod barpo etiladi. Ushbu korxona yiliga 547,5 ming tonna maishiy chiqindini qayta ishlab, 230 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi rejalashtirilgan. Bu orqali zavodda 150 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Surxondaryo viloyatining Angor tumani Bahor mahallasida esa Xitoyning CHSET kompaniyasi tomonidan $150 mln investitsiya hisobiga chiqindi yoqish zavodi quriladi. Bu zavod yiliga 438 ming tonna chiqindini qayta ishlab, 75 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu yerda ham 150 ta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur zavodlar 2028-yilda ishga tushirilishi va kamida 30 yil davomida faoliyat yuritishi rejalashtirilgan. Loyihalar chiqindilarni poligonlarga joylash hajmini kamaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Hozirda shunday zavodlar Toshkent, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida ham qurilmoqda. Kelgusida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ham chiqindi yoqish zavodlarini barpo etish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonda chiqindi uchun aholidan 3,5 mlrd so‘mdan ortiq pul asossiz undirilgani haqida xabar berilgandi. Gap shundaki, «And Obod» MChJ tomonidan aholiga maishiy chiqindilarni yig‘ish va tashib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yilgan.