Geely EX2 2025-yilda eng ko‘p sotilgan avtomobilga aylandi

3-fevral 2026 10:24 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Foto: Geely

Geely kompaniyasining EX2 ixcham elektr xetchbeki 2025-yilda Xitoy bozorida 466 ming donaga yaqin sotilib, mamlakatdagi eng ko‘p sotilgan yengil avtomobilga aylandi. Bu haqda Bike-ev nashri xabar berdi.

Bu natija bilan u nafaqat elektromobillar, balki gibrid va benzinli mashinalarni ham ortda qoldirdi. Eng e’tiborlisi, so‘nggi yillarda SUVlar hukmron bo‘lgan Xitoy bozorida ilk bor aynan xetchbek kuzovli model yil yetakchisiga aylandi.

Xitoyda Geely Galaxy Xingyuan nomi bilan sotiladigan EX2 atigi bir yil ichida bozorda katta muvaffaqiyatga erishdi. Model ketma-ket yetti oy davomida oyiga 40 ming donadan ortiq sotilib, 2025-yil sentabr oyida 50 mingdan ziyod savdo bilan rekord qayd etdi. Shu tariqa u Wuling Hongguang Mini EV va Tesla Model Y kabi mashhur modellarni ortda qoldirdi.

EX2’ning muvaffaqiyati Xitoyda arzon va ixcham elektromobillarga talab keskin oshganini ko‘rsatmoqda. 2025-yilda mamlakatda yangi energiya manbalaridagi avtomobillar savdosi 28 foizdan ko‘proqqa oshib, 16,5 mln donaga yetgan.

Texnik jihatdan Geely EX2 5 eshikli xetchbek bo‘lib, orqa yetakchi (RWD) tizimiga ega. Boshlang‘ich versiyada 58 kVt quvvatli elektromotor va 30,1 kVt/soatli LFP batareya o‘rnatilgan bo‘lib, CLTC standarti bo‘yicha 310 km masofa bosib o‘ta oladi. Yuqori komplektatsiyada esa 85 kVt quvvatli motor va 40,16 kVt/soatli batareya taklif qilinib, yurish zaxirasi 410 km ga yetadi.

Geely kompaniyasi EX2’ni 2026-yilning ikkinchi yarmida Avstraliya bozoriga olib chiqishni rejalashtirmoqda. U yerda model BYD Atto 1, MG 4 va boshqa budjet elektromobillarga raqobatchi bo‘lishi kutilmoqda. Narxlar hali e’lon qilinmagan, biroq mahalliy OAV EX2 narxi $30 mingdan past bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 800 mln so‘mlik Chevrolet Traverse Z71 sotuvga chiqqani haqida yozgandi.

Shuningdek