Bill va Hillari Klinton Epshteyn ishi yuzasidan ko‘rsatma berishga rozi bo‘ldi

AQShning sobiq prezidenti Bill Klinton va uning rafiqasi Hillari Klinton Vakillar palatasining Nazorat qo‘mitasiga ko‘rsatma berishga rozi bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar bermoqda. Qo‘mita respublikachilar tashabbusi bilan pedofiliya bo‘yicha sudlangan moliyachi Jeffri Epshteynning nufuzli shaxslar bilan aloqalarini o‘rganmoqda.
Vakillar palatasi qo‘mitasi er-xotinni taxminan besh oy avval ko‘rsatma berish uchun chaqirtirgan, biroq ular kelmagan edi. Shu sababli Kongress ularni qonun chiqaruvchi organga hurmatsizlikda ayblab, jinoiy javobgarlikka tortish masalasini ovozga qo‘ymoqchi bo‘lgan. AQSh qonunchiligiga ko‘ra, Kongressga hurmatsizlik 100 ming dollargacha jarima va bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Adliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan hujjatlarda Bill Klintonning ismi ko‘p marotaba uchraydi va uning Epshteyn bilan tushgan suratlari mavjud. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, sobiq prezident 2002 – 2003-yillarda Epshteynning shaxsiy samolyotida to‘rt marta uchgan va uning Nyu-Yorkdagi uyiga borgan.
Epshteyn qurbonlari sobiq prezident yoki uning rafiqasiga nisbatan hech qanday ayblov ilgari surmagan. Klintonlar moliyachining jinoiy faoliyatidan bexabar bo‘lganini ta’kidlamoqda. Ma’lumot uchun, so‘nggi marta 1983-yilda sobiq prezident Jerald Ford Kongress qo‘mitasi oldida ko‘rsatma bergan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tramp moliyachi Epshteynning shaxsiy samolyotida kamida 8 marta uchgani haqida xabar bergan edi.