O‘zbekistonliklarning shaxsiy ma’lumotlari tarqalgani haqidagi xabarlarga izoh berildi

eʼlon qilindi
Kiberxavfsizlik markazi ushbu holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib bormoqda
O‘zbekistonliklarning  shaxsiy ma’lumotlari tarqalgani haqidagi xabarlarga izoh berildi
Ekran tasviri census.stat.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim davlat axborot tizimlaridan O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari tarqalgani haqida xabarlar chiqdi. Kiberxavfsizlik markazi ushbu holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

Shuningdek, markaz fuqarolardan shaxsiy ma’lumotlarini begona shaxslarga bermaslik, davlat va boshqa elektron tizimlarga kirishda murakkab login va parollardan foydalanish kerakligini eslatdi.

Milliy statistika qo‘mitasi esa tarmoqlarda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishdagi rasmiy sayt ishlamayotgani, xakerlik hujumlari bo‘lgani haqida xabarlar tarqalayotganini va bu asossiz ekanini bildirdi.

Unga ko‘ra, online ro‘yxatdan o‘tish joriy yil 31-yanvarda yakunlangani sababli platforma yopilgan. Census.stat.uz sayti 2026-yil 15 – 31-yanvar kunlari faol bo‘lgan. Axborot xavfsizligini ta’minlash maqsadida ro‘yxatga olish tugagach, saytga O‘zbekiston hududidan tashqarida kirish cheklangan.

Shuningdek, respublika ichida ayrim foydalanuvchilarda texnik cheklovlar sabab 418 xatolik kuzatilishi mumkinligi qayd etildi. Statistika qo‘mitasiga ko‘ra, ro‘yxatga olish jarayonida to‘plangan barcha ma’lumotlar alohida serverlarda shifrlangan holda xavfsiz saqlanmoqda.

Rasmiylar fuqarolardan ortiqcha xavotirga tushmaslikni so‘rab, shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi to‘liq ta’minlanganini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 17 kunda aholining 30 milliondan ortig‘i onlayn ro‘yxatdan o‘tgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek