SpaceX xAI kompaniyasini sotib oldi

SpaceX dushanba kuni sun’iy intellekt sohasidagi xAI kompaniyasini sotib olganini ma’lum qildi. Bu kelishuv Ilon Maskning ikki yirik loyihasini birlashtirib, dunyodagi eng qimmat xususiy kompaniyani tashkil etdi. Bu haqda CNN xabar bermoqda.
Ilon Mask ushbu voqeani shunchaki yangi bosqich emas, balki «SpaceX va xAI missiyasidagi keyingi kitob», deb atadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil dekabr holatiga ko‘ra SpaceX $800 mlrd, xAI esa $230 mlrdga baholangan edi. Birlashuv sun’iy intellektning jadal rivojlanishi va uning energiya ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga qaratilgan.

SpaceX o‘tgan juma kuni Federal aloqa komissiyasiga orbitaga 1 mlnta sun’iy yo‘ldosh uchirish bo‘yicha ariza topshirdi. Rejaga ko‘ra, ular «sun’iy intellekt sababli ortib borayotgan ma’lumotlar talabini qondirish uchun» quyosh energiyasida ishlaydigan ma’lumotlar markazlari tarmog‘ini tashkil qiladi.
«Yerdagi ma’lumotlar markazlari ulkan miqdorda energiya va sovitishni talab etadi. Yagona mantiqiy yechim — bu jarayonlarni koinotga ko‘chirishdir», – dedi Mask.
Birlashuvdan avval SpaceX aksiyalarini ommaviy joylashtirish va kompaniyaning $1,5 trlnga baholanishi kutilayotgan edi. Ma’lumotlariga ko‘ra, Ilon Maskning boyligi hozirda $676 mlrdni tashkil etadi va ushbu kelishuv uning kapitalini yanada oshirishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekiston Maskning xAI kompaniyasi sun’iy intellektni rivojlantirish uchun 20 mlrd dollar sarmoya jalb qilishi haqida xabar bergan edi.