O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlarni rasmiylashtirish tezlashtiriladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlarga nisbatan huquqlarni e’tirof etishni tezlashtirishga qaratilgan qonunni qabul qildi. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qonun loyihasi orqali amaldagi qonunchilikka, xususan, «O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga…» hamda «Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida»gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Asosiy maqsad ma’lumotlarni avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritish tartibini takomillashtirish va shikoyatlarni ko‘rib chiqish mexanizmlarini optimallashtirishdir. Loyihada «soliq qarzdorligi» tushunchasiga aniqlik kiritilgan. Unga ko‘ra, soliq qarzdorligi bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravaridan oshadigan qismi etib belgilanmoqda.

Bu yer solig‘i va mol-mulk solig‘i bo‘yicha takrorlanishlarni bartaraf etishga xizmat qiladi. Shuningdek, yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini e’tirof etish uchun belgilangan bir martalik to‘lovni bo‘lib-bo‘lib to‘lash tartibi joriy etilishi rejalashtirilgan.
Majlisda ta’kidlanishicha, ushbu normalar jismoniy va yuridik shaxslarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarini rasmiylashtirishdagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ma’qullanib, Senatga yuborildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan o‘zboshimchalik bilan egallangan yer qonuniylashtirilayotgani haqida xabar bergan edi.