Osiyo kubogi – 2026: O‘zbekiston Eronga imkoniyatni boy berib, musobaqani chorak finalda tark etdi

3-fevral 2026 13:10 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Foto: O‘zbekiston futzali

3-fevral kuni bo‘lib o‘tgan Osiyo kubogi chorak finalida O‘zbekiston futzal terma jamoasi Eron bilan bahs olib bordi. Keskin kurashlarga boy o‘tgan uchrashuvda 7:4 hisobi qayd etilib, vakillarimiz musobaqadagi ishtirokini to‘xtatdi.

Uchrashuv O‘zbekiston vakillari uchun omadli boshlandi: 1-daqiqada Ixtiyor Ropiyev penaltidan hisobni ochgan bo‘lsa, 5-daqiqada Elbek To‘lqinov oradagi farqni ikkitaga oshirdi. Biroq Eron terma jamoasi tezkorlik bilan vaziyatni o‘nglab, birinchi bo‘limning o‘zidayoq Moslem Oladghobad, Saeid Ahmad Abbasi, Mohammadhossein Derakhshani va Hossein Sabzi tomonidan kiritilgan gollar evaziga hisobni 4:2 ko‘rinishiga keltirdi.

Ikkinchi bo‘lim dramatik voqealarga boy kechdi. 24-daqiqada Ilhom Hamroyev o‘z jarima maydoni ichida to‘pni qo‘li bilan qaytargani sababli penalti belgilandi va Hossein Tayebi imkoniyatdan unumli foydalandi. Oradan bir daqiqa o‘tib, Sunnatilla Jo‘rayev gol urib, jamoani o‘yinga qaytardi.

O‘yinning 31-daqiqasida VAR tizimi aralashuvi bilan Elmurodovga qizil kartochka ko‘rsatildi va raqib jarima zarbasidan foydalanib, hisobni 6:3 ga yetkazdi. O‘yin yakunida Muzaffar Axadjonov yana bir gol urishga muvaffaq bo‘lgan esa-da, bu g‘alaba uchun yetarli bo‘lmadi. Shu tariqa O‘zbekiston Osiyo kubogi – 2026 turnirini chorak final bosqichida yakunladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan futzal bo‘yicha Osiyo kubogida O‘zbekiston Tojikiston bilan durang o‘ynagani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek