O‘zbekistonda avtokredit va mikroqarzlar miqdori oshdi

2025-yilda O‘zbekistonda tijorat banklari tomonidan aholiga ajratilgan avtokreditlar va mikroqarzlar miqdori mos ravishda 26,2 va 56,7 foizga o‘sdi. Bu haqda Markaziy bankning 2025-yil yakunlari bo‘yicha hisobotida keltirilgan.
Bank hisobotida berilgan statistikaga ko‘ra, 2025-yil davomida o‘zbekistonliklarga mashina xarid qilish uchun 21,56 trln so‘m kredit berilgan. Bu miqdor 2024-yilda taqdim qilingan avtokredit miqdoridan (17,08 trln so‘m) 26,2 foizga (4,5 trln so‘m) ko‘pni tashkil уеmoqda.

O‘tgan yili mashina sotib olish uchun eng ko‘p kredit oktabrda berilgan (3,54 trln so‘m) bo‘lsa, eng kami martda berilgan (1,06 trln so‘m). Iyul oyidan boshlab asta-sekin kredit miqdori osha boshlagan. 2024-yilning butun davri davomida ajratilgan kredit summasi 2 trln so‘mga yetib bormagandi. 2025-yilda esa hatto 3,5 trln so‘mdan oshib ketdi.
Mikroqarzlar borasida ham katta o‘sish kuzatildi. Xususan, 2024-yilda umumiy hisobda 45,84 trln so‘m mikroqarz ajratilgan edi. O‘tgan yili ushbu summa ko‘rsatkichi 71,81 trln so‘mga yetdi. Bundan ko‘rinadiki, oradagi farq 56,7 foizga yuqorilashni aks ettirmoqda. 2025-yilda eng ko‘p berilgan mikroqarz oylar kesimida aprelga to‘g‘ri keldi (7,48 trln so‘m). Ammo o‘tgan yil avgustdan boshlab ajratilgan mikroqarz miqdori pasaya boshladi.
Avvalroq «Kursiv» banklarda mikroqarzlar bo‘yicha foiz stavkalari pasaygani, avtokreditlar bo‘yicha esa oshgani haqida yozgandi.