iPhone uchun maxsus obyektiv va quvvatlovchi g‘ilof taqdim etildi

3-fevral 2026 17:01 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Foto: rozetked.me

PGYTech kompaniyasi iPhone egalari uchun smartfonni vintage uslubidagi to‘laqonli kameraga aylantiruvchi maxsus qurilmani namoyish qildi. RetroVa Vintage Imaging Kit deb nomlangan ushbu loyiha qisqa muddat ichida Kickstarter platformasida ommalashdi.

Kompaniya dastlab ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun $10 ming yig‘ishni rejalashtirgan edi, biroq loyiha foydalanuvchilarga shu qadar manzur bo‘ldiki, bor-yo‘g‘i besh kun ichida yig‘ilgan summa $93 mingdan oshib ketdi. Yangi gadjet shunchaki oddiy g‘ilof emas, balki mobilografiya ixlosmandlari uchun mukammal yechim sifatida taqdim etilmoqda.

Foto: rozetked.me

Qurilma o‘ziga xos konstruksiyaga ega bo‘lib, u qulay ushlash dastagi va o‘z ichiga o‘rnatilgan qo‘shimcha akkumulyatorga ega maxsus korpusni o‘z ichiga oladi. Uning eng muhim jihati yechiladigan ulkan teleobyektiv bo‘lib, u 2,35x optik yaqinlashtirish imkonini beradi. Ishlab chiqaruvchilarning ta’kidlashicha, ushbu obyektiv iPhone 16 Pro modeli bilan birgalikda ishlatilganda, umumiy hisobda 12 barobar zum sifatini ta’minlaydi.

Foto: rozetked.me

Foydalanish qulayligini oshirish maqsadida korpusda suratga olish uchun haqiqiy kameradagidek jismoniy tugma joylashtirilgan. Shuningdek, tasvirlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yozib olish uchun xotira kartasi sloti hamda qurilmani quvvatlash va ma’lumot almashish uchun zamonaviy USB-C porti ko‘zda tutilgan.

Foto: rozetked.me

Barcha suratlar va videolar maxsus ishlab chiqilgan ilova orqali qayta ishlanadi va saqlanadi. Ushbu to‘plamning narxi $184 etib belgilangan. Hozirda buyurtma bergan xaridorlarga mahsulotlarni joriy yilning mart yoki aprel oylarida yetkazib berish rejalashtirilmoqda.

Avvalroq kursiv Uzbekistan iPhone Fold Apple tarixidagi eng katta batareyaga ega bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek