Suv tejovchi texnologiyalar qamrovi 2028-yilgacha 80 foizga yetkaziladi

Shavkat Mirziyoyev bugun, 3-fevral kuni suv resurslaridan samarali foydalanish va suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekistonda bu texnologiyalar joriy qilingan maydonlar 2,6 million gektarga yetib, sug‘oriladigan yerlarning 60 foizini qamrab oldi. Natijada har yili 2,5 milliard kub metr suv tejalmoqda.
Taqdimotda qamrovni yanada kengaytirish rejalari ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, 2028-yilgacha suv tejovchi texnologiyalar 930 ming gektar maydonda o‘rnatilib, umumiy qamrov 3,5 million gektarga, ya’ni sug‘oriladigan yerlarning 80 foiziga yetkaziladi. Bu yiliga 3,5 milliard kub metr suvni iqtisod qilish, 300 ming gektar yerning suv ta’minotini yaxshilash va takroriy ekinlarni sug‘orish imkonini beradi.
Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari joriy etiladi. Suv bilan barqaror ta’minlanmagan hududlarda suv tejovchi texnologiyalar uchun subsidiyalar oshiruvchi koeffitsiyent bilan hisoblanadi. O‘z mablag‘i hisobidan texnologiya joriy qilgan fermerlarga subsidiyaning 50 foizi oldindan ajratiladi. Don ekinlarida tomchilatib va diskret sug‘orish uchun ham subsidiya beriladi, kreditlar bo‘yicha foizlar qisman qoplanadi.
Nazorat tizimi ham kuchaytiriladi. Suv olish joylarida «aqlli» hisoblagichlar o‘rnatilib, «Suv hisobi» tizimiga integratsiya qilinadi. Monitoringda dronlar va yonkameralardan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi. Subsidiya berilgan maydonlarda texnologiyalardan maqsadli foydalanmaslik suvdan o‘zboshimchalik bilan foydalanish sifatida baholanadi.
Shuningdek, kadrlar salohiyatini oshirish ko‘zda tutilgan. «Suvchilar maktabi» doirasida joriy yilda 10 ming fermer xo‘jaligi xodimining malakasi oshiriladi, 358 nafar mutaxassis xorijda malaka oshiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2040-yilgacha yangi uy-joylar qurilishi yiliga 280 ming xonadonga yetkazilishi haqida yozgandi.