Amerikaliklar iPhone’ni rekord darajada ko‘p tanlamoqda

4-fevral 2026 07:45 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Foto: Apple

Amerikaliklar iPhone’ni rekord darajada ko‘p tanlay boshladi, Samsung esa pozitsiyalarini yo‘qotyapti. Bu haqda Counterpoint nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, o‘tgan chorakda AQShda sotilgan smartfonlarning qariyb 70 foizi iPhone hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu Apple uchun tarixiy maksimum hisoblanadi. Kompaniyaning bozor ulushi bir yil ichida 65 foizdan 69 foizga oshgan. Samsung’ning ulushi esa keskin pasayib, 18 foizdan 13 foizgacha tushgan. Qolgan barcha brendlar jami hisobda 18 foiz ulushni egallagan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan deyarli o‘zgarmagan.

Foto: Counterpoint

Raqamlar shuni ko‘rsatadiki, avval Apple yoki Samsung’dan tashqari brendlarni tanlagan xaridorlar odatini o‘zgartirmagan. Biroq Samsung foydalanuvchilarining sezilarli qismi iPhone’ga o‘tgani yaqqol ko‘rinadi. Albatta, real bozor jarayonlari bundan murakkabroq bo‘lishi mumkin, ammo statistik manzara aynan shuni anglatmoqda.

Mutaxassislar Apple’ning bunday kuchli o‘sishini iPhone 17 liniyasining yuqori talab bilan izohlamoqda. Aynan shu model qatori kompaniyaga turli bozorlarda savdo rekordlarini yangilashga yordam berdi. Natijada Apple uzoq yillardan so‘ng ilk bor yil yakunlari bo‘yicha global smartfon bozorida yetakchilikni qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, kompaniya atigi bir chorak ichida rekord darajadagi $144 mlrd daromad olgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy Z Fold8 modelining birinchi partiyasi Galaxy S26’dan ko‘proq sotilishi kutilayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek