Qaysi davlatlar atom aviatashuvchilariga ega

Naked Science’ning yozishicha, bu sohada AQSh dengiz floti mutlaq yetakchi hisoblanadi. AQSh hozirda 11 ta atom aviatashuvchiga ega.
Ular orasida eskiroq Nimitz sinfi ham, eng zamonaviy Gerald R. Ford sinfidagi kemalar ham bor. Aynan shu aviatashuvchilar AQShning dengizdagi harbiy kuchini dunyo bo‘ylab namoyish etishning asosiy tayanchi hisoblanadi. Ular dunyoning istalgan nuqtasida qiruvchi samolyotlardan foydalanish, uzoq masofali radiolokasion aniqlash samolyotlarini ishlatish va yordamchi vazifalarni bajarish imkonini beradi.
USS Ronald Reagan, USS Dwight D. Eisenhower va USS George Washington kabi kemalar shu guruhga kiradi. Ular muntazam ravishda uzoq safarlarga chiqib, aviatashuvchi zarba guruhlarining markazi sifatida xizmat qiladi. Bu kemalar global miqyosda harakatlana oladigan suzuvchi harbiy bazalar hisoblanadi.

Agar dunyo dengiz harbiy kuchlari xaritasiga qaralsa, aksariyat davlatlar oddiy (an’anaviy) dvigatelli harbiy kemalar va aviatashuvchilardan foydalanadi. Ammo atom energiyasi bilan ishlaydigan aviatashuvchilarni yaratish va ishlatish texnologiyasidan juda kam davlatlar foydalanadi. Bu kemalar aslida suzuvchi aerodromlar bo‘lib, yoqilg‘i quyilmasdan yillar davomida dengizda qolishi mumkin.
Atom dvigateli aviatashuvchilarga juda katta ustunlik beradi: ular dengizda uzoq vaqt qolishi mumkin. Ularning mustaqil harakatlanish muddati yoqilg‘iga emas, balki oziq-ovqat zaxiralari va ekipajning bardoshiga bog‘liq.
Fransiya Yevropada atom dvigatelli aviatashuvchiga ega bo‘lgan yagona davlatdir. Uning «Sharl de Goll» aviatashuvchisi 2001-yilda xizmatga kirgan va hozirgacha Yevropadagi yagona atom aviatashuvchisi bo‘lib qolmoqda. Bu kema Fransiyaga Atlantika okeanidan Hind okeanigacha bo‘lgan hududlarda harbiy-dengiz ishtirokini ta’minlash imkonini beradi.
Yaqinda Fransiya mudofaa idoralari yangi avlod atom aviatashuvchisi qurish rejasini tasdiqladi. U 2030-yillarning oxiriga borib «Sharl de Goll»ni almashtiradi. Yangi kema kattaroq va texnologik jihatdan yanada rivojlangan bo‘ladi. Bu Fransiyaning aviatashuvchilar orqali kuch namoyish etish strategiyasiga sodiqligini ko‘rsatadi.
Hozirda Xitoy o‘z tarixidagi birinchi atom aviatashuvchisini tez sur’atlarda qurmoqda. Rejalarga ko‘ra, u 2030-yilga borib tayyor bo‘ladi.
Avvalroq «Kursiv» Xitoy yadroviy qurollar zaxirasini kengaytirish va modernizatsiya qilish orqali Tayvanga qarshi urush ochishga tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida yozgandi.