Qozog‘iston vazirligi O‘zbekistonga 3 dollardan go‘sht sotilganini shubha ostiga oldi

eʼlon qilindi
Vazirlik rasmiysi arzon eksport narxlari texnik xato bo‘lishi mumkinligini aytdi
Foto: Kursiv Uzbekistan

Qozog‘iston Savdo va integratsiya vaziri o‘rinbosari Janel Kushukova O‘zbekistonga go‘shtning 1 kgni $3 evaziga eksport qilingani haqidagi ma’lumotlarga munosabat bildirdi. Rasmiy vakil ushbu statistikani shubhali deb atab, buni texnik xato bilan izohlash mumkinligini ta’kidladi.

Bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekiston Qozog‘istondan $189,9 mlnlik 66,1 ming tonna mol go‘shti va submahsulotlar sotib olgan. Bu har bir kilogramm uchun o‘rtacha $2,87 (35 ming so‘m) to‘g‘ri kelishini anglatadi. Ayni paytda Qozog‘iston ichki bozorida go‘sht narxi 32,1 foizga oshib, 109 ming so‘mni (4-4,5 ming tenge) tashkil qilmoqda.

Janel Kushukova statistikadagi bu raqamlarni mantiqsiz deb baholadi. Uning fikricha, ishlab chiqaruvchilar mahsulotni ichki bozorda 3-4 barobar qimmatroqqa sotish imkoni bo‘la turib, eksportga arzon narxda chiqarishi iqtisodiy jihatdan foydasizdir.

«Tegishli ma’lumotlarni ko‘rib chiqish va bojxona bilan aniqlashtirish kerak, bu yerda texnik xato bo‘lishi mumkin», – dedi vazir o‘rinbosari.

Vazirlik vakili ichki bozordagi narx o‘sishini chorva bosh sonining qayta tiklanishi va O‘zbekistondan talabning keskin ortishi bilan bog‘ladi. Qo‘shni respublikada go‘sht iste’moli oshgan bo‘lsa-da, geografik sharoitlar chorvachilikni Qozog‘istondagi kabi kengaytirishga imkon bermaydi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qozog‘iston Osiyo davlatlariga go‘sht yetkazib beruvchi davlatga aylanishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek