«Barselona» 2029-yilgi Chempionlar ligasi finalini qabul qilish uchun ariza topshirdi

4-fevral 2026 14:46 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Foto: Telegram / Davron Fayziev

«Barselona» futbol klubi 2029-yilgi UEFA Chempionlar ligasi finalini o‘tkazish bo‘yicha dastlabki hujjatlarni rasman taqdim etdi. Klub bu jarayonda Barselona shahar kengashi va Kataloniya hukumati bilan hamkorlik qilmoqda.

Taqdim etilgan hujjatlar UEFA’ga «Spotify Camp Nou» stadionining talablarga muvofiqligini baholash imkonini beradi. To‘liq va yakuniy ariza 2026-yilning iyun oyida, jarayonning hal qiluvchi bosqichida topshirilishi kutilmoqda. Klub bayonotida taklif hali UEFA’ning tasdig‘iga bog‘liqligi ta’kidlangan.

Klub e’lonidan oldin Barselona shahar ma’muriyati arizani ma’qullab, «Mezbon shahar kelishuvi»ni imzolagan. Kataloniya hukumati ham ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlab, uni 2029-yil uchun «eng kuchli variant» deya ta’rifladi.

UEFA avvalroq 2028 va 2029-yilgi finallar uchun turli federatsiyalardan 15 ta qiziqish bildirishnomasini qabul qilganini tasdiqlagan edi. Yakuniy qaror 2026-yil sentyabr oyida UEFA Ijroiya qo‘mitasi tomonidan qabul qilinadi. «Barselona» mezbonlik huquqi uchun Londondagi «Uembli» stadioni bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatlashadi.

Foto: Destination Wembley

Bundan tashqari, 2029-yilgacha bitkazilishi rejalashtirilgan yangi «Spotify Camp Nou» stadioni 2030-yilgi Jahon chempionati finalini qabul qilishga da’vogar arenalar qatoridan ham joy olgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Lionel Messi kutilmaganda «Camp Nou»ga tashrif buyurgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek