SpaceX nosozlik sabab Falcon 9 uchirishlarini vaqtincha to‘xtatdi

SpaceX kompaniyasi Falcon 9 raketasining ikkinchi bosqichida yuzaga kelgan texnik muammo tufayli uchirishlarni vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Nosozlik 2-fevral kuni Kaliforniyadagi Vandenberg bazasidan amalga oshirilgan missiya vaqtida qayd etilgan. Ikki bosqichli raketa parvozdan 62 daqiqa o‘tib Starlink tizimining 25 ta sun’iy yo‘ldoshini past Yer orbitasiga muvaffaqiyatli chiqarib berdi. Ikkinchi bosqichdagi yagona Merlin dvigateli ikki marta ishga tushirildi va foydali yukni joylashtirish jarayoni to‘liq rejaga muvofiq, og‘ishlarsiz amalga oshdi.
Hodisaning boshlanishi
Muammo esa keyinroq, dvigatelni uchinchi marta ishga tushirishga tayyorgarlik jarayonida yuz berdi. Ushbu ishga tushirish bosqichni orbitadan chiqarish uchun mo‘ljallangan edi. SpaceX rasmiy bayonotida aynan shu vaqtda «rejadan tashqari vaziyat» qayd etilgani aytildi, biroq uning aniq tafsilotlari ochiqlanmadi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, shu paytgacha bosqich normal ishlagan.
Nosozlikdan so‘ng tizim avtomatik ravishda passivlik rejimiga o‘tdi. Bu missiya yakunlangach bosqichni xavfsiz holatga keltirish tartibi bo‘lib, unda yoqilg‘i qoldiqlari chiqarib yuboriladi va akkumulyatorlar razryad qilinadi. Maqsad energiya to‘planishining oldini olish va apparat parchalanib ketishi xavfini kamaytirishdir. SpaceX ushbu jarayon ham muammosiz bajarilganini bildirdi.
Kompaniya bayonoti
Kompaniyada aytilishicha, muhandislar hozirda telemetriya ma’lumotlarini tahlil qilib, nosozlik sababini aniqlash va tuzatish choralarini ishlab chiqmoqda. Tekshiruv qachon yakunlanishi bo‘yicha muddatlar hozircha e’lon qilinmagan. SpaceX jadvaliga ko‘ra, Falcon 9’ning keyingi uchirilishi Floridadagi kosmodromdan 5-fevralga belgilangan. Avval bu sana 3-fevral etib rejalashtirilgan edi.
Hozirgi hodisa missiya avariyasi deb hisoblanmaydi. Sun’iy yo‘ldoshlar belgilangan orbitaga muvaffaqiyatli chiqarilgan. Biroq ikkinchi bosqichdagi muammolar bartaraf etilmasa, kelgusidagi uchirishlar va Yer yuzidagi xavfsizlik uchun muayyan xatarlar yuzaga kelishi mumkin. Falcon 9’ning ikkinchi bosqichi odatda vazifa tugagach, aholi yashamaydigan hududlar ustida orbitadan chiqariladigan qilib loyihalangan.
Falcon 9 haqida
Falcon 9 hozirda dunyodagi eng faol foydalaniladigan raketa hisoblanadi. 2025-yil davomida u 165 marta uchirilgan va parvozlarning asosiy qismi Starlink yo‘ldoshlari guruhini joylashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan. Joriy tekshiruv natijalari SpaceX qachon avvalgi yuqori uchirish sur’atiga qayta olishini belgilab beradi.
Avvalroq «Kursiv» amerikalik tadbirkor va SpaceX asoschisi Ilon Mask boyligi $800 milliarddan oshgan tarixdagi birinchi shaxsga aylangani haqida yozgandi.