O‘zbekistonda “Ma’naviy Ipak yo‘li” konferensiyasi bo‘lib o‘tadi

2026-yilda O‘zbekistonda «Ma’naviy Ipak yo‘li» 7-Xalqaro ilmiy-teologik konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Rossiya musulmonlari idorasi xabar berdi.
Bu masala Rossiya muftiysi Rushan Abbyasov va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Nuriddin Xoliqnazar o‘rtasidagi uchrashuvda muhokama qilindi.
Tomonlar konferensiya diniy, akademik va jamoatchilik doiralari o‘rtasida muloqot uchun nufuzli xalqaro platforma sifatida o‘zini namoyon qilganini ta’kidladi. Oldingi forum Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan edi.
Ta’kidlanishicha, ushbu tadbir, shuningdek, ma’naviy ta’lim sohasidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish va davlatlararo hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Tegishli ishchi guruhlar allaqachon tadbirga faol tayyorgarlik ko‘rishmoqda.

Uchrashuv davomida 2026-yilga mo‘ljallangan qo‘shma loyihalar, jumladan, Moskva xalqaro Qur’on qorilari musobaqasida O‘zbekiston vakillarining ishtiroki ham muhokama qilindi. O‘zbekiston muftiysi hamkorlikni rivojlantirishda davom etishga tayyorligini bildirdi va yaqin kelajakda Moskvaga tashrif buyurishni ko‘rib chiqishini aytdi.
Avvalroq «Kursiv» Qozog‘iston sun’iy intellekt imomini ishga tushirmoqchiligi haqida yozgandi.