Farg‘onada joriy yilda $8,2 milliardlik loyihalar amalga oshiriladi

Bugun, 4-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivoji yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda so‘nggi yillarda erishilgan natijalar tahlil qilinib, 2026-yil uchun ustuvor vazifalar belgilandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, viloyatda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish orqali barqaror o‘sishga erishildi. 2017–2025-yillarda aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmi 3,8 barobar oshib, 26,6 million so‘mga yetdi.
O‘tgan yili 519 ming nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi, 53 ming oila kambag‘allik reyestridan chiqarildi. 2026-yil yakuniga qadar ishsizlik darajasini 3 foizga, kambag‘allikni esa 2,7 foizga kamaytirish rejalashtirilmoqda.
Viloyatda $3 milliardga yaqin xorijiy investitsiya o‘zlashtirilib, yuzlab yangi loyihalar ishga tushirildi. Qishloq xo‘jaligida g‘alla, paxta va meva-sabzavot yetishtirish hajmi oshdi, eksport $403 millionga yetdi.
Joriy yilda umumiy qiymati $8,2 milliard bo‘lgan yangi loyihalar paketi shakllantirildi. Shundan $4,2 milliardlik loyihalar 2026-yilda ishga tushiriladi. Asosiy yo‘nalishlar — sanoat, qishloq xo‘jaligi, servis va turizm.
Bandlikni oshirish maqsadida 595 ming nafar aholi ish bilan ta’minlanadi. Ayrim tuman va shaharlarni ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududlarga aylantirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, ta’lim, turizm va IT sohalarini rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. 2026-yilda IT xizmatlari hajmini 3,5 trillion so‘mga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan suv tejovchi texnologiyalar qamrovi 2028-yilgacha 80 foizga yetkazilishi haqida yozgandi.