iPhone 17 kichik batareyaga qaramay OnePlus 15 bilan teng ishladi — CNET testi

4-fevral 2026 21:28 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Foto: CNET

CNET nashri 35 ta smartfon modeli ishtirokida o‘tkazilgan batareya sinovlari natijalarini eʼlon qildi. Bu haqda nashrning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Test ikki bosqichda amalga oshirildi: dastlab uch soat davomida Wi-Fi orqali maksimal yorqinlikda video translatsiya qilindi, so‘ngra 45 daqiqalik intensiv yuklama — o‘yinlar, videoqo‘ng‘iroqlar va ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanish sinovdan o‘tkazildi.

Sinov natijalariga ko‘ra, eng yuqori avtonomlik ko‘rsatkichini iPhone 17 Pro Max namoyish etdi. Ushbu model $5088 mA·soat sig‘imli batareya bilan jihozlangan bo‘lib, barcha raqobatchilarini ortda qoldirdi.

Asosiy eʼtibor esa bazaviy iPhone 17 natijasiga qaratildi. U umumiy reytingda OnePlus 15 bilan ikkinchi o‘rinni bo‘lishdi. Qizig‘i shundaki, iPhone 17 batareyasi atigi 3692 mA·soat bo‘lsa, OnePlus 15 modeli 7300 mA·soat sig‘imli batareyaga ega. Yaʼni iPhone’ning batareyasi deyarli ikki baravar kichik bo‘lishiga qaramay, ishlash vaqti bo‘yicha teng natija ko‘rsatgan.

Uchinchi o‘rinni 5600 mA·soat batareyaga ega Poco F7 Ultra egalladi. To‘rtinchi pog‘onadan esa iPhone 17 Pro joy oldi.

CNET mutaxassislariga ko‘ra, iPhone 17 seriyasining yuqori natijalari apparat va dasturiy taʼminot o‘rtasidagi samarali optimizatsiya bilan izohlanadi. Bu testlar smartfon tanlashda faqat batareya sig‘imiga qarash yetarli emasligini yana bir bor ko‘rsatdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan amerikaliklar iPhone’ni rekord darajada ko‘p tanlayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek