Baqtriya sivilizatsiyasiga oid noyob artefaktlar O‘zbekistonga qaytarildi

eʼlon qilindi
Ular hozirda Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida namoyish etilmoqda
Foto: Islom sivilizatsiyasi markazi

Qadimgi Baqtriya sivilizatsiyasiga mansub noyob arxeologik artefaktlar Buyuk Britaniyadan O‘zbekistonga olib kelindi. Ular hozirda Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida namoyish etilmoqda. Bu haqda markaz matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, ko‘rgazmada Baqtriya jamiyatida ijtimoiy mavqe va boylik ramzi bo‘lgan oltin bilaguzuklar, marosimiy va ruhiy himoya ma’nosini anglatuvchi marjon hamda bo‘yin taqinchoqlari, shuningdek, miloddan avvalgi IV asrga oid oltin pichoq qini namoyishga qo‘yilgan.

Ta’kidlanishicha, oltin pichoq qini Ahamoniylar davlati hamda Iskandar Makedonskiy yurishlari bilan bog‘liq tarixiy jarayonlarni aks ettiradi. Undagi hayvon va afsonaviy obrazlar sak, sug‘d va baqtriya san’ati an’analari uyg‘unlashganini ko‘rsatadi.

Mutaxassislar ushbu topilmalar Markaziy Osiyoda islomdan oldingi davrlarda ham yuksak madaniy va ma’naviy muhit mavjud bo‘lganini tasdiqlashini qayd etmoqda.

Ma’lumot uchun, qadimgi Baqtriya sivilizatsiyasi ilmiy adabiyotlarda Baqtriya – Marg‘iyona arxeologik kompleksi yoki Oks sivilizatsiyasi nomi bilan ham tanilgan. U miloddan avvalgi III-II ming yilliklarda shakllangan bo‘lib, hozirgi O‘zbekiston janubi, Tojikiston janubi va Afg‘oniston shimolini qamrab olgan.

Ushbu hududda Amudaryo va uning Panj hamda Vaxsh kabi irmoqlari atrofida sug‘orma dehqonchilik, ilk shaharlar, hunarmandchilik, zargarlik va xalqaro savdo aloqalari rivojlangan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qozog‘istonda bronza davriga oid yodgorlik topilgani haqida yozgandi.

Shuningdek