Pokiston – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston yangi xalqaro transport yo‘lagi yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida transport-logistika sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi. Bu haqda Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Pokistonga tashrifi doirasida ma’lum qilindi.
Tashrif davomida respublikaning yirik transport-ekspeditorlik kompaniyalari vakillari ishtirokida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilib, mintaqaviy bog‘liqlikni mustahkamlash va yuk tashuvlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Pokiston Temir yo‘llar vaziri o‘rinbosari Mazxar Ali Shoh bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston temir yo‘l loyihasi bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish uchun yaqin muddatda dala-tadqiqot ishlarini boshlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, Pokiston kommunikatsiyalar vaziri o‘rinbosari Ali Shoh Masud bilan Pokiston – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston yangi xalqaro transport yo‘lagini yaratish masalasi kelishib olindi. Tomonlar joriy yil fevral oyida ushbu yo‘nalishda pilot yuk tashuvlarini amalga oshirishga kelishdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Pokiston Islom Respublikasi bosh vaziri Shahboz Sharifning taklifiga binoan 5-6 fevral kunlari ushbu mamlakatga davlat tashrifi bilan borishi haqida yozgandi.