Ilon Mask USAID tugatilishi bo‘yicha sudda ko‘rsatma beradi

AQSh federal sudi Ilon Mask va Davlat departamenti xodimlarini AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) faoliyati tugatilishi yuzasidan sudda ko‘rsatma berishga majbur qilmoqda. Bu haqda Axios ma’lum qildi.
Seshanba kuni AQSh okrug sudi sudyasi Teodor Chuang Mask va Davlat departamenti vakillarining depozitsiyasi o‘tkazilishi kerakligi haqida qaror chiqardi. Sudya bu qarorni da’vogarlar boshqa yo‘l bilan zarur ma’lumotlarni ololmagani bilan izohlagan.
Da’vo arizasi USAID’ning anonim xodimlari tomonidan kiritilgan. Ular Mask rahbarlik qilgan Davlat samaradorligi departamenti USAID’ni tugatishga qonunga xilof tarzda uringanini ta’kidlamoqda. Sud qarorida aytilishicha, hujjatlar orqali yoki quyi lavozimdagi mansabdor shaxslar orqali ma’lumot olishning imkoni bo‘lmagan.
Sudya Chuang, shuningdek, avvalgi sud qarorlariga ishora qilib, Ilon Mask rasmiy vakolat yoki hukumat tasdig‘isiz USAID’ni qisqartirish bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilganini qayd etgan.
USAID avval 10 ming nafar xodimdan iborat bo‘lgan va 2023-moliya yilida $43 mlrdlik budjet mablag‘larini boshqargan. Agentlik 130 ga yaqin davlatlarda tabiiy ofatlar oqibatlarini yumshatish va iqtisodiy rivojlanish dasturlari bilan shug‘ullangan.
Iyul oyida e’lon qilingan tadqiqotga ko‘ra, USAID dasturlari so‘nggi 20 yil ichida taxminan 91 mln inson hayotini saqlab qolgan. Ularning 30 mln nafari bolalar hisoblanadi. Tadqiqotda agentlik faoliyati izdan chiqishi 2030-yilgacha 14 mln dan ortiq o‘limga olib kelishi mumkinligi, ularning qariyb uchdan bir qismi 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar bo‘lishi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri USAID’ning tonnalab gumanitar yordami omborlarda chiriyotgani haqida yozgan edi.