Dunyoda eng ko‘p samolyotni kim sotib olyapti

eʼlon qilindi
Osiyoda VietJet, Korean Air va China Airlines o‘z aviaparklarini kengaytirmoqda
Foto: Qatar Airways

Aviatsiya sanoatining yirik ishlab chiqaruvchilari – Boeing va Airbus 2025-yil yakunlari bo‘yicha buyurtmalar kitoblarini e’lon qildi.

Ushbu ma’lumotlar qaysi aviakompaniyalar, lizing kompaniyalari va davlat tuzilmalari tijoriy samolyotlarga buyurtma berganini ko‘rsatadi.

Infografika: Visual Capitalist

Yuqorida taqdim etilgan infografika yil davomida Airbus va Boeing samolyotlarining asosiy xaridorlarini yaqqol aks ettiradi.

Foto: CNN

Vizualizatsiyada, shuningdek, har bir mijoz qaysi ishlab chiqaruvchidan – Boeing’dan, Airbus’dan yoki ikkala kompaniyadan ham buyurtma bergani ko‘rsatilgan. Ranglar orqali xaridorlar turlarga ajratilgan: alohida aviakompaniyalar, aviatsiya guruhlari, lizing kompaniyalari va yuk tashuvchi operatorlar. Ma’lum qilingan buyurtmalar orasida Qatar Airways 161 ta samolyot bilan eng yirik xaridor bo‘ldi. Biroq umumiy hajmda eng katta ulush «oshkor etilmagan» xaridorlar hissasiga to‘g‘ri keldi. Ikki ishlab chiqaruvchi bo‘yicha jami 469 ta samolyot.

Xaridorlarning «oshkor etilmagan» toifada ko‘rsatilishi ko‘pincha strategik rejalarni himoyalash, regulyator tasdiqlarini kutish yoki lizing bitimlarida yakuniy aviakompaniya hali aniqlanmagan holatlar bilan izohlanadi. Shunga qaramay, ishlab chiqaruvchilar bunday buyurtmalarni real bozor talabini aks ettirish uchun umumiy statistikaga kiritadi va mijozlar maxfiyligini saqlaydi. Talab shakllanishida Avolon, BOC Aviation va Macquarie kabi lizing kompaniyalari ham muhim rol o‘ynadi.

Foto: flightglobal.com

Lizing beruvchilar

Xaridorlar toifalari kesimida asosiy buyurtmalar aviakompaniyalar hissasiga to‘g‘ri keldi — ular 1200 dan ortiq samolyotga buyurtma berdi. Shu bilan birga, lizing beruvchilar ham sezilarli ulushga ega bo‘lib, ular tomonidan 400 dan ortiq samolyot xarid qilindi. Bu kompaniyalar samolyotlarni keyinchalik aviakompaniyalarga ijaraga berish uchun sotib oladi va aviatsiya ekotizimida moliyaviy vositachi vazifasini bajaradi.

Harbiy va davlat buyurtmachilari statistikada nisbatan kichik hajmda aks etdi, biroq ularning roli sezilarli bo‘lib qolmoqda. AQSh Harbiy-havo kuchlari, shuningdek, Yevropa va AQSh mudofaa idoralari yonilg‘i quyuvchi samolyotlar va mudofaa infratuzilmasi elementlariga bo‘lgan barqaror ehtiyojni aks ettiruvchi yakuniy xaridlarni amalga oshirdi.

Qaysi kompaniyalarda yangilanish bo‘lyapti

Ko‘plab mintaqalarda global aviayo‘lovchi tashish hajmi 2019-yilgi darajasidan oshib ketar ekan, aviakompaniyalar yangi va tejamkor samolyotlarga faol sarmoya kiritmoqda. Osiyoda VietJet, Korean Air va China Airlines kabi tashuvchilar o‘z aviaparklarini tez sur’atlarda kengaytirmoqda. Shimoliy Amerikada esa Alaska Airlines va WestJet ichki va transchegaraviy yo‘nalishlar uchun flotni yangilamoqda.

Foto: vietjetair.com

Aviatsiya sohasining tiklanishi davom etar ekan, Boeing va Airbus o‘rtasidagi raqobat keskin bo‘lib qoladi. Shu bilan birga, talabning keskin o‘sishi jahon aviatsiya sanoati uchun umumiy istiqbollar ijobiy ekanini ko‘rsatmoqda.

Avvalroq «Kursiv» Uzbekistan Airways kompaniyasi 22 ta Boeing 787-9 Dreamliner samolyotini sotib olish uchun kredit mablag‘larini jalb qilishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek