
Kia kompaniyasi 2026-yil uchun Niro Plug-in Hybrid (PHEV) modelini ishlab chiqarishni to‘xtatishini rasman tasdiqladi. Kompaniya bu qarorni bozordagi talab va sharoitlar o‘zgarishi bilan izohladi. Endilikda ushbu model AQSh bozorida sotilmaydi.
Kia bayonotiga ko‘ra, Niro PHEV liniyadagi eng kam ommalashgan model bo‘lgan. U benzinli Niro va to‘liq elektr Niro EV fonida «oraliq» variant sifatida yetarli qiziqish uyg‘ota olmagan.
O‘tgan yili Kia jami 31,2 ming dona Niro avtomobilini sotgan. Ularning eng kam qismi aynan plug-in gibrid versiyaga to‘g‘ri kelgani taxmin qilinmoqda. Biroq kompaniya sotuvlarni dvigatel turlari bo‘yicha alohida e’lon qilmaydi.
Yaxshi xabar shundaki, benzinli Kia Niro va Niro EV modellari kamida 2027-yilgacha ishlab chiqarishda qoladi. Kompaniya e’lon qilgan narxlarga ko‘ra,
- 2026 Kia Niro EV Wind – $39,7 ming;
- 2026 Kia Niro EV Wave – $44,7 mingni tashkil etadi.
Ushbu narxlarga $1,5 minglik yetkazib berish (destination) to‘lovi kiritilmagan.
Motor1 mutaxassislari fikricha, Kia Niro Plug-in Hybrid to‘xtatilishi AQSh bozorida plug-in gibrid avtomobillarga bo‘lgan qiziqish pasayayotganini ko‘rsatadi. So‘nggi yillarda ko‘plab ishlab chiqaruvchilar sust sotilayotgan PHEV modellardan voz kechmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq kompaniya haydovchilar talabi sabab avtomobillar interyerida jismoniy tugmalarni saqlab qolishi haqida xabar berilgandi. Brend vakillariga ko‘ra, sensorli ekranlar haydovchini yo‘ldan chalg‘itadi. Shu sabab yangi modellarda iqlim nazorati va ovoz balandligi kabi funksiyalar alohida tugmalar orqali boshqariladi.