2025-yilda birja orqali sotilgan mobil raqamlar hajmi 55 foizdan oshdi

2025-yil yakunlariga ko‘ra, mobilraqam.uzex.uz savdo tizimida 7 mingdan ziyod telefon raqamlari onlayn-auksion orqali sotildi. Bu haqda O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasidagi matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Birjaning Kursiv Uzbekistan’ga taqdim etgan ma’lumotiga ko‘ra, platforma orqali o‘tgan yilda 27,9 mlrd so‘mlik raqamlar sotilgan bo‘lib, 2024-yilga (18 mlrd so‘m) nisbatan o‘sish 55,1 foizni tashkil qilgan.
Sotilgan raqamlarning 96% jismoniy shaxslar, 4% esa yuridik shaxslar tomonidan xarid qilingan. Sotilgan raqamlarning eng past bahosi 31,5 ming so‘mni, eng qimmat raqamning qiymati esa 800 mln so‘mni tashkil etdi.
Birjaning ma’lum qilishicha, ushbu ko‘rsatkichlarga erishishda UZEX’da joriy etilgan yangi xizmat turlari va savdo vositalari hamda savdo ishtirokchilari uchun yaratilgan qulayliklar o‘z samarasini bergan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan endi hisobi o‘chgan raqam bir yilgacha bekor qilinmasligi haqida xabar bergandi. Yangi hujjatga muvofiq, mobil aloqa abonentlarining shaxsiy hisobidagi mablag‘ xizmatdan foydalanishni davom ettirish uchun yetarli bo‘lmaganda, mobil operator va abonent o‘rtasidagi shartnomani bekor qilish muddati 2 oydan 1 yilgacha uzaytirildi.