O‘zRTXBda qimmatbaho metallar savdosi 59 foizga o‘sdi

2025-yilda O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida (O‘zRTXB) qimmatbaho metallar savdosi 59 foizga o‘sdi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan muxbiri ma’lum qildi. Birjada 4,3 tonna oltin, 323 kg kumush sotilgan.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda birjada 1 gramm oltin uchun shakllangan o‘rtacha haftalik kotirovka sezilarli darajada oshdi. Xususan, oltin narxi 1 096,0 ming so‘mdan 1 664,9 ming so‘mgacha ko‘tarilib, 52% lik o‘sishni qayd etdi.
2025-yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2024-yilga nisbatan 31% ga oshib, birja savdolari hajmi 24% ga, elektron davlat xaridlari 46% ga, ko‘rgazma-yarmarka savdolari 9% ga, telefon raqamlarini sotish hajmi esa 55% ga o‘sdi.
Birja savdolari doirasida tuzilgan eng yirik bitimlarning asosiy qismi qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga to‘g‘ri kelib, ularning ulushi 37% ni tashkil etdi. Shuningdek, elektr energetikasi savdolari 25%, qora va rangli metallar 23%, kimyo va neft-kimyo mahsulotlari esa 11% ulush bilan qayd etildi.
2025-yilda birjaning davlat xaridlari bo‘yicha xarid.uzex.uz elektron savdo tizimi orqali amalga oshirilgan savdolar hajmi ham oshdi. Budjet va korporativ buyurtmachilar tomonidan tuzilgan shartnomalarning umumiy qiymati avvalgi yilga nisbatan qariyb 26% ga ko‘payib, 9,8 trln so‘mni tashkil etdi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri o‘tgan yilning to‘qqiz oyi davomida birja orqali 3,7 tonna oltin sotilgani haqida yozgan edi.