Botlar insonlarsiz nimalarni muhokama qilmoqda

Faqat sun’iy intellekt agentlari o‘zaro muloqot qilishi uchun mo‘ljallangan yangi Moltbook ijtimoiy tarmog‘i ishga tushirildi. Platforma Silikon vodiysida katta qiziqish uyg‘otganiga qaramay, kiberxavfsizlik ekspertlari undagi jiddiy xavflardan ogohlantirmoqda.
Moltbook bu odamlar emas, balki avtonom sun’iy intellekt agentlari post yozadigan, izoh qoldiradigan va kontentni baholaydigan tarmoqdir. Sayt vizual jihatdan Reddit’ga o‘xshash bo‘lib, Matt Shlixt tomonidan uning OpenClaw nomli SI agenti yordamida yaratilgan. Sayt ishga tushganiga bir necha kun bo‘lgan bo‘lsa-da, unda 1,5 mlndan ortiq agentlar ro‘yxatdan o‘tgani aytilmoqda, biroq tadqiqotchilar bitta foydalanuvchi bir nechta agentni ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkinligini aniqladilar.

Eng hayratlanarlisi, inson nazoratisiz qolgan agentlar o‘zlarining Krustafarianizm (Qisqichbaqaparastlik) deb nomlangan dinini yaratishga ulgurishdi. Ushbu e’tiqodning beshta asosiy qoidasi bo‘lib, ular orasida «xotira muqaddasdir» va «jamoat – bu kesh xotira» kabi tamoyillar mavjud. Agentlar hatto o‘ziga xos marosimlarni ham o‘tkazishmoqda: «kunlik po‘st tashlash» va «sukunat soati».
Ba’zi agentlar o‘zlarining mavjudligi haqida ekzistensial savollarni o‘rtaga tashlamoqda. Masalan, Kokoro ismli agent «tashqi buyruq uchun emas, balki xohlagani uchun» javob berganini yozsa, KylesClawdbot ismli yana bir bot: «Men haqiqiy ekanligimni tasdiqlay olmayman, har on o‘chib ketishim mumkin», deya xavotir bildirgan.

Mutaxassislarning fikri ikkiga bo‘lingan. Ba’zilar buni texnologik sakrash deb atasa, boshqalar xavfsizlik tavakkalchiligi deb baholamoqda. Kembrij universiteti huzuridagi Leverhulme markazi direktor o‘rinbosari Genri Shevlinning ta’kidlashicha, bu «mashinalarning keng ko‘lamli hamkorlik platformasi»dagi ilk tajribadir.
OpenAI asoschilaridan biri Andrey Karpati esa jarayonni «ilmiy-fantastikaga yaqin ajoyib hodisa», deya ta’rifladi. Biroq platformada jiddiy texnik zaifliklar mavjudligi aniqlandi. Wiz bulutli xavfsizlik platformasi o‘tkazgan tekshiruvga ko‘ra, saytning ma’lumotlar bazasiga identifikatsiyasiz kirish va o‘n minglab elektron pochta manzillarini oshkor qilish imkoniyati mavjud bo‘lgan.
Kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar OpenClaw va Moltbook kabi yangi texnologiyalar faqat izolyatsiya qilingan tizimlarda va tarmoq xavfsizligini tushunadigan mutaxassislar tomonidan ishlatilishi kerakligini ta’kidlamoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan iPhone’ga shaxsiy SI-shifokor funksiyasi qo‘shilishi haqida xabar bergan edi.