Yo‘lda telefondan foydalangan haydovchilarga endi ma’muriy ogohlantirish qo‘llaniladi

Yo‘lda telefondan foydalangan avtomobil boshqaruvchilarga endi ma’muriy ogohlantirish qo‘llaniladi. 2026-yil 4-fevralda qabul qilingan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Unga ko‘ra, yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq kam ahamiyatli huquqbuzarliklar uchun ma’muriy ogohlantirish jazosi qo‘llanilishi belgilandi.
Ma’muriy ogohlantirish huquqbuzarlik sodir etgan shaxsni qonunga xilof xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirish va unga rasmiy tanbeh berishdan iborat.
Ma’muriy ogohlantirish yozma yoki elektron shaklda qo‘llanadi. Mazkur jazo Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 125-moddasi 1 va 2-qismlari, 128¹, 128², 128⁶, 135¹-moddalari hamda 138-moddasi 1 va 2-qismlarida nazarda tutilgan quyidagi huquqbuzarliklarga nisbatan qo‘llanadi:
- Yuk tashish qoidalarini, shatakka olish qoidalarini buzish;
- Boshqa davlatlarda roʻyxatdan oʻtkazilgan yuklarni va (yoki) yoʻlovchilarni tashish uchun moʻljallangan avtotransport vositalaridan qonunga xilof ravishda foydalanish;
- Transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarning telefondan foydalanishi;
- Transport vositasini boshqarish vaqtida tele, videodasturlarni tomosha qilish maqsadida monitordan (displeydan) foydalanish;
- Transport vositalari haydovchilarining toʻxtash yoki toʻxtab turish qoidalarini buzishi;
- Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikning talablarini buzish;
- Piyodalar va yoʻl harakati boshqa ishtirokchilarining yoʻl harakati qoidalarini buzishi.
Bunda shaxs o‘z qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lsa va kodeksda nazarda tutilgan boshqa huquqbuzarliklar alomatlari mavjud bo‘lmasa, ma’muriy ogohlantirish vakolatli organ tomonidan qo‘llanadi.
Ma’muriy ogohlantirish bir shaxsga nisbatan bir yil davomida bir martadan ortiq qo‘llanilishi mumkin emas.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Damas’da 23 bolani tashigan haydovchiga chora ko‘rilgandi. Haydovchining aytishicha, u bolalarni ota-onalari iltimos qilgani uchun bog‘chadan olib qaytayotgan bo‘lgan. Bolalar mashinadan tushirilib, boshqa avtomobilga o‘tkazilgan. Haydovchiga esa chora ko‘rilgan.