Portugaliya va Ispaniyaga Leonardo to‘foni yopirildi

eʼlon qilindi
Tabiiy ofat oqibatida bir kishi halok bo‘ldi va bir nafar bola qidirilmoqda
Foto: Reuters / Pedro Nunes

5-fevral kuni Leonardo to‘foni Pireney yarim oroliga kuchli yomg‘ir va shamol olib keldi. Portugaliyada suv toshqini mashinani oqizib ketishi oqibatida bir erkak halok bo‘ld. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Portugaliya rasmiylariga ko‘ra, chorshanba kuni janubiy Alenteju mintaqasida yoshi 70 atrofidagi erkak suv ombori yaqinidagi suv bosgan yo‘lda avtomobili bilan oqib ketishi oqibatida vafot etgan. Ispaniyaning janubiy Malaga provinsiyasida esa itini qutqarishga uringan qiz Turvilla daryosiga tushib ketib, bedarak yo‘qolgan.

Foto: The Traveler

«Biz kecha tushdan keyin va tun bo‘yi qiz daryoga tushgan joydan daryoning oxirigacha qidiruv ishlarini olib bordik. Itni topdik, ammo qizni emas», — dedi Malaga o‘t o‘chirish xizmati boshlig‘i Manuel Marmolexo.

Leonardo joriy yilda Portugaliya va Ispaniya bo‘ylab uylar tomini uchirib, shaharlarni suv ostida qoldirgan qishki to‘fonlar seriyasining eng so‘nggisidir. Davlat meteorologiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, dam olish kunlari mintaqaga Marta to‘foni yopirilishi kutilmoqda. Portugaliya iqtisodiyot vaziri Manuel Kastro Almeydaning ta’kidlashicha, o‘tgan haftadagi Kristin to‘fonidan keyingi qayta tiklash ishlari 4 mlrd yevrodan oshishi mumkin.

Foto: The Mirror

Portugaliyaning janubidagi Alkaser-du-Sal shahrida Sado daryosi o‘zanidan chiqib ketishi natijasida aholi beligacha suv kechib yurishga majbur bo‘lmoqda.

Andalusiya favqulodda vaziyatlar xizmati chorshanba kuni yarim tungacha milliondan ortiq hodisa bo‘yicha murojaatlarga javob berganini ma’lum qildi. Mintaqaviy hukumatning ichki ishlar bo‘limi rahbari Antonio Sanzga ko‘ra, 14 ta daryo va 10 ta to‘g‘onda toshqin xavfi o‘ta yuqori darajada saqlanib turibdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Janubiy Afrikada chaqmoq urishi oqibatida 2 kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek