PayPal, Apple Pay va Google Pay kabi xalqaro to‘lov tizimlariga yo‘l ochuvchi qonun ma’qullandi

Oliy Majlis Senatining 13-yalpi majlisida «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar ma’qullandi. Mazkur hujjat xalqaro to‘lov tizimlarining O‘zbekiston bozoriga kirishini osonlashtirish va frilanserlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Bugungi kunda o‘zbekistonlik dasturchi va frilanserlar o‘z mahsulotlarini xorijga sotishda «Upwork», «Fiverr», «Envato» hamda «Storyblocks» kabi platformalardan foydalanmoqda. Biroq ushbu platformalardagi asosiy to‘lov vositasi bo‘lgan PayPal va boshqa tizimlari O‘zbekiston bank kartalari bilan to‘liq ishlamaydi. Bunga amaldagi qonunchilikdagi serverlarni va shaxsga doir ma’lumotlarni faqat O‘zbekiston hududida saqlash talabi to‘siq bo‘lib kelayotgan edi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasiga shaxsga doir ma’lumotlar xavfsizligi ta’minlangan davlatlar ro‘yxatini tasdiqlash vakolati berilmoqda. Senatorlarning fikricha, ushbu o‘zgarishlar fintex va elektron tijorat rivojini jadallashtiradi, frilanserlar uchun qonuniy to‘lov mexanizmlarini yaratadi hamda xorijiy sayyohlar uchun kontaktsiz to‘lov imkoniyatlarini kengaytiradi.
Ma’qullangan qonunga ko‘ra, endilikda faqat ayrim turdagi biometrik, genetik hamda telekommunikatsiya xizmatlari bilan bog‘liq ma’lumotlar O‘zbekiston hududida saqlanishi shart qilib belgilanmoqda. Boshqa turdagi ma’lumotlarni chet elga uzatish va saqlash uchun aniq xavfsizlik talablari joriy etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQShda Google Play qayta ishga tushgani haqida xabar bergan edi.