Pokiston poytaxtida Toshkent koʻchasi va Bobur bog‘i ochildi

Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga davlat tashrifi doirasida Islomoboddagi koʻchalardan biriga Toshkent, yangi barpo etiladigan boqqa esa Zahiriddin Muhammad Bobur nomi berildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif ushbu qaror mamlakatlar oʻrtasidagi tarixiy va madaniy aloqalarni aks ettirishi hamda Oʻzbekiston – Pokiston koʻp qirrali strategik sheriklik munosabatlarini yana bir bor mustahkamlashini ta’kidladi.

Toshkent koʻchasi va Zahiriddin Muhammad Bobur nomi bilan ataladigan yangi bogʻ ikki xalq oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlashga intilishning ramzi sifatida e’tirof etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Pokiston bilan harbiy-texnik sohalarda hamkorlikni kengaytirishi haqida xabar bergan edik.


