Prezident Pokistondagi universitet tomonidan faxriy doktor va professor unvonlariga sazovor bo‘ldi

eʼlon qilindi
Mirziyoyevga sertifikatni Pokiston bosh vazir topshirdi
Prezident Pokistondagi universitet tomonidan faxriy doktor va professor unvonlariga sazovor bo‘ldi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev Pokistonda Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi doirasida Pokiston Milliy fan va texnologiyalar universiteti tomonidan faxriy doktor va professor unvonlariga sazovor bo‘ldi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif davlatimiz rahbariga tegishli sertifikatni topshirdi. Ushbu unvonlar Shavkat Mirziyoyevning ijtimoiy-iqtisodiy va ta’lim sohalaridagi islohotlari, mamlakatni modernizatsiya qilish, fan va texnologiyalarni rivojlantirish hamda xalqaro akademik aloqalarni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun berildi.

Marosimda Mirziyoyev Pokiston bosh vaziri, universitet rahbariyati va akademik hamjamiyatga minnatdorchilik bildirib, ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va yuqori malakali mutaxassislarni birgalikda tayyorlash zarurligini ta’kidladi.

1991-yilda tashkil etilgan Milliy fan va texnologiyalar universiteti ilmiy izlanishlar, innovatsion faoliyat, magistr va doktorantlarni tayyorlash hamda sanoat va iqtisodiyot ehtiyojlariga mos amaliy tadqiqotlarni amalga oshirish yo‘nalishlarini rivojlantiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Ozarbayjon prezidenti va Armaniston bosh vazirini xalqaro mukofot bilan tabriklagan edi.

Shuningdek