Endi O‘zbekistonda har aprel oyi «Amir Temur oyligi» bo‘ladi

eʼlon qilindi
Yubiley tanga, kitob, filmlar chiqariladi, temuriylarga oid asl yozma manbalar nusxalari O‘zbekistonga olib kelinadi
Foto: adrastravel.com

Shavkat Mirziyoyev buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida qaror imzoladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Unda davlat rahbari tomonidan imzolangan ushbu hujjat Amir Temurning shaxsiyati, uning bashariyat tarixi va Turon tamaddunidagi o‘rni hamda temuriylarning boy va betakror merosini chuqur o‘rganish uchun qabul qilingani aytilgan.

Mazkur qarorning asosiy maqsadi «Ikkinchi Uyg‘onish davrining milliy va umuminsoniy mohiyati, yosh avlodni Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari etib tarbiyalash borasidagi ulkan o‘rni va ta’sirini inobatga olib, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan tashkiliy-amaliy, ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yangi sifat bosqichiga ko‘tarish» hisoblanadi.

Endilikda har yili aprel oyi «Amir Temur oyligi» deb e’lon qilinadi va uning doirasida barcha tashkilotlar, mahallalarda temurshunos olimlar, yozuvchilar va san’atkorlar ishtirokida uchrashuvlar, badiiy-ma’rifiy tadbirlar uyushtiriladi. Jumladan, 9 − 10-aprel kunlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida «Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni va ahamiyati» mavzuida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkaziladi.

Shuningdek, «Temur tuzuklari» asarining ilmiy izohli matni fors, arab, xitoy, ingliz, fransuz, ispan va rus tillarida chop etiladi, «Temuriylar davrining 100 nodir qo‘lyozmasi», «Temuriylar davrining 100 nodir durdonasi» kitob-albomlari yaratiladi. Qolaversa, temuriylar davriga oid, xorijiy davlatlarda saqlanayotgan asl yozma manbalar nusxalari O‘zbekistonga olib kelinadi.

Bundan tashqari, Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan pochta markalari va konvertlar, taqvimlar va ko‘rgazmali axborot vositalari turkumi yaratiladi, esdalik, kumush va oltin yubiley tangalar muomalaga chiqariladi. Toshkent shahar hokimligi 2026-yil yakuniga qadar Toshkent shahar mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan dunyodagi mashhur muzeylarning eng ilg‘or tajribalarini qo‘llagan holda, Temuriylar tarixi davlat muzeyi binosini rekonstruksiya qilish, jihozlash, raqamlashtirish va yangi ekspozitsiyasini yaratish ishlarini amalga oshirishi lozim.

Tashqi ishlar vazirligiga Fanlar akademiyasining buyurtmasiga asosan tadbirlarda ishtirok etuvchi chet ellik ishtirokchilar uchun O‘zbekistonga kirish vizalarining konsullik va boshqa yig‘imlar undirilmasdan, zarur hollarda, Toshkent xalqaro aeroportida belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlash topshirildi.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda Amir Temur buyrug‘i bilan 1399-yilda yasalgan mashhur bronza qozonning nusxasi yaratilayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek