O‘zbekiston va Pokiston savdo hajmini 2 mlrd dollarga yetkazadi

O‘zbekiston va Pokiston savdo hajmini $2 mlrdga yetkazadi. 6-fevral kuni Islomobod shahrida Shavkat Mirziyoyev va Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif ishtirokida qo‘shma biznes forumi bo‘lib o‘tdi.
Forumda ikki mamlakatdan 300 dan ortiq yirik sanoat korxonalari, savdo kompaniyalari va ishbilarmonlar qatnashdi. Pokiston tomonidan energetika, to‘qimachilik, farmatsevtika, logistika, metallurgiya va charm sanoati yo‘nalishlaridagi ko‘plab yetakchi kompaniyalar ishtirok etdi.
Davlat rahbari o‘z nutqida oliy darajadagi muzokaralar O‘zbekiston – Pokiston munosabatlarida, ayniqsa, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berganini ta’kidladi. Tomonlar savdo hajmini $2 milliardga yetkazishni maqsad qilgan bayonnomani imzoladi.

Hamkorlikni rivojlantirish uchun aniq «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqish va muammolarni tezkor hal etish mexanizmini joriy qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Farmatsevtika, tibbiyot, yengil sanoat, kon-metallurgiya, oziq-ovqat xavfsizligi kabi sohalar ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
Pokiston kompaniyalari O‘zbekistonda dori vositalari va tibbiy uskunalar ishlab chiqarish loyihalarida ishtirok etishga taklif qilindi. Shuningdek, to‘qimachilik va charm sanoatida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Transport va logistika aloqalarini rivojlantirish savdo hajmini oshirishda muhim omil ekani qayd etildi. Xususan, Pokiston – Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston yoʻnalishi boʻylab yuk tashish, Lahor va Islomobod shaharlariga esa aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyildi, Transafgʻon temir yoʻlini qurish loyihasi ilgari surilmoqda. Joriy yilning aprel oyidan Karachiga yuk reyslari va Lahorga toʻgʻridan toʻgʻri yoʻlovchi reyslari yoʻlga qoʻyiladi.
Forum yakunida erishilgan kelishuvlar bo‘yicha alohida bayonnoma imzolandi hamda qator investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy bitimlar almashildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Pokiston ko‘p qirrali hamkorlik bo‘yicha bir qator muhim bitimlarni imzolagandi.