DXX 20,2 kg narkotik sotayotganlarni qo‘lga oldi — video

Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida jami 20,2 kg narkotik moddalar musodara qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Jumladan, Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, Toshkent shahrida yashovchi, 1984-yilda tug‘ilgan fuqaro muqaddam narkokuryerlar tomonidan Ohangaron tumanidagi dala maydoniga yashirib ketilgan 4 kg 935 gr Alfa-PVP sintetik giyohvandlik vositasini olgan vaqtida ushlandi.
Aniqlanishicha, internet-narkodo‘konning «omborchi» lavozimidagi ishchisi hisoblangan mazkur shaxs ko‘p miqdordagi giyohvandlik vositalarini «zakladka» usulida yashirib ketilgan lokatsiyalardan olish va qismlarga ajratgan holda, O‘zbekistonning turli viloyatlariga yetkazib berish bilan shug‘ullangan.
Shuningdek, poytaxtning Yangihayot tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi, 1981-yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs to‘xtatilib, uning qo‘lidagi 1 dona xo‘jalik qopi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, unda 9 kg 829 gr gashish moddasi borligi ma’lum bo‘ldi va ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Qashqadaryo viloyatida qayd etilgan holatda Qarshi shahrida istiqomat qiluvchi, 1959-yilda tug‘ilgan fuqaroning yashash xonadoni tegishli tartibda ko‘zdan kechirildi. Natijada, u muqaddam qo‘shni davlatlarning biridan olib kelingan 4 kg 652 gr opiy, 380 gr gashish va 492 gr marixuana giyohvandlik vositalarini kelgusida mijozlarga sotish maqsadida saqlab kelayotgani ma’lum bo‘ldi.
Hozirda har uchala holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi va 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ular ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
Avvalroq «Kursiv» Qashqadaryoda 21,7 kg marixuana va Toshkent viloyatida salkam 29 ming kuchli ta’sir qiluvchi modda hamda gashish sotayotganlar qo‘lga olingani haqida yozgandi.