2025-yilda taksi uchun ommabop model Cobalt bo‘ldi

2025-yilda O‘zbekistonda taksi bozori aylanmasi 9,6 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, yil davomida soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyalashgan taksi agregatorlari soni 155 tadan 224 taga yetgan. Ular orqali qariyb 479 millionta safar amalga oshirilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 49,6 foizga oshgan.
Yo‘l haqi to‘lovlarining asosiy qismi hanuz naqd shaklda amalga oshirilmoqda — 6,74 trillion so‘m (70,2%). Naqd pulsiz to‘lovlar hajmi esa 2,87 trillion so‘mni (27,8%) tashkil etgan. Shu bilan birga, onlayn to‘lovlar ulushi izchil o‘sib bormoqda. Bir safar uchun o‘rtacha yo‘l haqi 20 ming so‘mdan oshib, 8,3 foizga ko‘tarilgan.
Agregatorlar orqali yo‘lovchi tashish bilan 574,6 ming nafar o‘zini o‘zi band qilgan haydovchi shug‘ullanmoqda. Ularning 59,1 foizi 30–50 yosh oralig‘idagi fuqarolar bo‘lsa, 33 foizi 30 yoshgacha, 7,9 foizi esa 50 yoshdan yuqori haydovchilardir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 15,5 mingdan ortiq haydovchi yil davomida 100 million so‘mdan ortiq daromad topgan va aylanmadan soliq to‘lash tizimiga o‘tgan. Biroq haydovchilarning yarmidan ko‘pining yillik daromadi 5 million so‘mdan oshmagan.
Taksida eng ommabop avtomobil modeli hanuzgacha Cobalt bo‘lib qolmoqda — u umumiy avtoparkning 23,7 foizini tashkil etadi. Shuningdek, Nexia, Lacetti, Spark va Matiz modellari ham eng ko‘p foydalaniladigan avtomobillar qatoriga kirgan. Elektromobillar ulushi esa atigi 1,9 foizni tashkil etmoqda.
O‘tgan yil davomida taksi agregatorlari tomonidan jami 128,2 milliard so‘m soliq to‘langan bo‘lib, uning 63,6 milliard so‘mi qo‘shilgan qiymat solig‘iga to‘g‘ri kelgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan hafta davomida taqdim qilingan yangi avtomobillar qaysi ekani haqida yozgandi.