«Formula-1» davom etadimi: Apple TV va film rahbari izoh berdi

eʼlon qilindi
Hozircha rasmiy e’lon berilmagan bo‘lsa-da, «Formula-1» rahbari kelajak uchun rejalar borligiga ishora qildi
Foto: BBC

Apple TV tomonidan suratga olingan va Bred Pitt bosh rolni ijro etgan F1 filmi davomiga ega bo‘lishi mumkin. Hozircha rasmiy e’lon berilmagan bo‘lsa-da, «Formula-1» rahbari kelajak uchun rejalar borligiga ishora qildi. Bu haqda Deadline nashri xabar berdi.

Mazkur masala Apple TV’ning fevral oyidagi matbuot anjumanida ko‘tarildi. Sport dramasi bo‘lgan F1 filmi davom etadimi, degan savol tadbir yakunida muhokama qilindi. Savolni Apple’ning internet xizmatlari bo‘yicha vitse-prezidenti Eddi Kyu berdi, unga esa «Formula-1» prezidenti Stefano Domenikali javob qaytardi.

«Biz bilan qoling. Kelajakda sizga yana nimadir aytamiz. Hech qachon «hech qachon» demang. Ammo avvalo ushbu filmning muvaffaqiyatini chuqurroq tahlil qilishimiz kerak, chunki u mutlaqo noyob loyiha bo‘ldi. Agar yangi g‘oya qilinadigan bo‘lsa, u juda, juda yuqori darajada bo‘lishi shart. Shuning uchun agar davomi bo‘lsa, bu tez orada bo‘lmaydi. Balki keyingi yil yana shu yerda uchrasharmiz va e’lon qiladigan yangiliklarimiz bo‘lar», – dedi Domenikali.

Internet foydalanuvchilari yuqori lavozimli shaxslar tomonidan film davomi ochiq muhokama qilinayotgani allaqachon ssenariy ustida ish boshlanganidan dalolat berishini ta’kidlamoqda.

Ma’lumot uchun, F1 filmi 2025-yilning eng muvaffaqiyatli kinokartinalaridan biriga aylandi. Film jahon prokatida $631 million daromad keltirdi hamda «Oskar» mukofotining bir nechta nominatsiyalari, jumladan, «Eng yaxshi film» yo‘nalishiga ham nomzod bo‘ldi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2026-yilgi «Oskar» mukofotiga nomzodlar e’lon qilingani haqida yozgandi.

Shuningdek