Rossiya malakali migrantlar uchun «iste’dod vizasi»ni berishni boshlaydi

eʼlon qilindi
2026-yil 15-aprelga qadar
Foto: Shutterstock

Rossiya 2026-yil aprel oyidan boshlab ayrim toifadagi xorijiy fuqarolar uchun yangi turdagi «iste’dod vizasi» berishni boshlaydi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ma’lum qildi.

Yangi tartibga ko‘ra, Rossiya elchixona va konsulliklari malakali, yuqori salohiyatga ega hamda Rossiya manfaatlari uchun foydali bo‘lgan chet elliklarga bir yilgacha amal qiladigan ko‘p martalik ishbilarmonlik vizalarini rasmiylashtiradi. Ushbu mexanizm prezidentning 883-sonli farmoni asosida joriy etilmoqda.

Vizaga da’vogarlar qatoriga ilm-fan va texnologiya, sanoat va ishlab chiqarish, sport, kreativ va madaniy-gumanitar sohalarda yutuqlarga erishgan shaxslar, shuningdek, Rossiyaning mudofaa va xavfsizlik salohiyatiga hissa qo‘shgan mutaxassislar kiradi. Bundan tashqari, bozorda talab yuqori bo‘lgan muayyan kasb, malaka yoki ko‘nikmaga ega xorijliklar ham ushbu imkoniyatdan foydalanishi mumkin. Hozircha aniq kasblar ro‘yxati ochiqlanmagan.

Ma’lum qilinishicha, yangi vizalar nafaqat mutaxassislarning o‘ziga, balki ularning oila a’zolariga ham beriladi. Rasmiylashtirish ishlari 2026-yil 15-aprelga qadar Rossiyaning barcha diplomatik vakolatxonalari va konsulliklarida to‘liq yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tramp ma’muriyati 75 mamlakat fuqarolariga viza berishni to‘xtatgani uchun sudga tortilgani haqida yozgandi.

Shuningdek