«Amir Temur» oyligi, yanvarda qimmatlagan mahsulotlar, taksichilik uchun qulay avtomobil — 6-fevral yangiliklari

Kursiv Uzbekistan 6-fevral kuni respublikada yuz bergan yangiliklarni bir joyga jamladi.
Endi O‘zbekistonda har aprel oyi «Amir Temur oyligi» bo‘ladi

Shavkat Mirziyoyev buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida qaror imzoladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda davlat rahbari tomonidan imzolangan ushbu hujjat Amir Temurning shaxsiyati, uning bashariyat tarixi va Turon tamaddunidagi o‘rni hamda temuriylarning boy va betakror merosini chuqur o‘rganish uchun qabul qilingani aytilgan.
O‘zbekiston va Pokiston ko‘p qirrali hamkorlik bo‘yicha muhim bitimlarni imzoladi

Shavkat Mirziyoyev va Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif qo‘shma deklaratsiya hamda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi bayonnomani imzoladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Yetakchilar huzurida bir qator ikki tomonlama hujjatlar ham almashildi. 2026 – 2028-yillarga mo‘ljallangan Tashqi ishlar vazirliklari hamkorlik dasturi, O‘zbekiston – Pokiston Ishbilarmonlik kengashi va hududlararo forumini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimlari shular jumlasidandir.
Konstitutsiyaviy sud sudyasi lavozimiga qayta saylandi

Mirzo-Ulug‘bek Elchiyevich Abdusalomov Konstitutsiyaviy sud sudyasi etib qayta saylandi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Abdusalomov 1952-yilda tug‘ilgan, Toshkent davlat universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi – huquqshunos, yuridik fanlar nomzodi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist.
U 1995 – 2004-yillarda Oliy xo‘jalik sudi raisi, 2004 – 2005-yillarda Konstitutsiyaviy sud raisi lavozimlarida ishlagan, 2005-yil 7-mayidan 2021-yil 5-fevraliga qadar Markaziy saylov komissiyasi raisi bo‘lgan. 2021-yil fevralidan buyon Konstitutsiyaviy sud sudyasi lavozimida ishlab kelayotgandi.
Tuxum, sut, shakar: yanvar oyida nimalar qimmatlashdi

Milliy statistika qo‘mitasi yanvar oyidagi inflyatsiya ko‘rsatkichlarini e’lon qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, oylik inflyatsiya 0,7 foizni, yillik nisbatda esa 7,2 foizni tashkil etdi.
Yanvar oyida oziq-ovqat mahsulotlari 0,8 foizga qimmatlashdi. Ayrim asosiy mahsulotlar narxida o‘sish qayd etildi. Xususan:
- Tuxum — 0,6%;
- Xom sut — o‘rtacha 1%;
- O‘simlik yog‘i — o‘rtacha 0,4%;
- Shakar — 1%;
- Suyaksiz mol go‘shti — 1,1%;
- Suyakli mol go‘shti — 1%;
- Qo‘y go‘shti — 1,6%;
- Parranda go‘shti — 1,4 – 1,5%;
- Bulg‘or qalampiri — 18,5%;
- Kartoshka — 1,9%;
- Sabzi — 1,8%;
- Piyoz — 1,2%;
- Karam — 3,8%.
2025-yilda 200 ga yaqin o‘zbekistonlik Rossiyadan boshpana so‘radi

O‘tgan yili Rossiyadan vaqtinchalik boshpana so‘rab murojaat qilgan o‘zbekistonliklar 176 kishini tashkil qildi. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga tayanib TASS xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, 2025-yilda Rossiyadan jami 8820 nafar xorij fuqarosi boshpana so‘ragan, ulardan 3332 nafari Ukraina fuqarosi, 3196 nafari Suriya fuqarosi, shuningdek, 281 nafari afg‘onistonlik, 313 nafari falastinlik va 176 nafari o‘zbekistonlik bo‘lgan.
Saida Mirziyoyeva Qozog‘iston Senati raisi bilan savdo-iqtisodiy masalalarni gaplashdi

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Qozog‘iston parlamenti Senati raisi Maulen Ashimbayev bilan uchrashuv o‘tkazib, bir nechta masalalarni muhokama qildi. Bu haqda u o‘zining Telegram sahifasida yozdi.
Saida Mirziyoyevaning yozishicha, uchrashuv samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan. Suhbatda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida oliy darajadagi o‘zaro ishonch hamda yaqin muloqotga asoslangan munosabatlar izchil mustahkamlanib borayotgani qayd etilgan.
O‘zbekiston va Pokiston savdo hajmini 2 mlrd dollarga yetkazadi

O‘zbekiston va Pokiston savdo hajmini $2 mlrdga yetkazadi. 6-fevral kuni Islomobod shahrida Shavkat Mirziyoyev va Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif ishtirokida qo‘shma biznes forumi bo‘lib o‘tdi.
Forumda ikki mamlakatdan 300 dan ortiq yirik sanoat korxonalari, savdo kompaniyalari va ishbilarmonlar qatnashdi. Pokiston tomonidan energetika, to‘qimachilik, farmatsevtika, logistika, metallurgiya va charm sanoati yo‘nalishlaridagi ko‘plab yetakchi kompaniyalar ishtirok etdi.
Toshkent shahrida 1 kg palov tayyorlash narxi 116 ming so‘mdan oshadi

Milliy statistika qo‘mitasi 2026-yil yanvar oyi uchun hududlar kesimida 1 kg palov tayyorlashning o‘rtacha qiymatini e’lon qildi. Unga ko‘ra, eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida (116,1 ming so‘m), eng past ko‘rsatkich esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida (98,2 ming so‘m) kuzatilgan.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, narxlar bo‘yicha yuqori o‘rinlarni Farg‘ona viloyati (115 ming so‘m) va Samarqand viloyati (113 ming so‘m) egallab turibdi. Toshkent viloyati (112 607 so‘m) hamda Qashqadaryo viloyatida (112 ming so‘m) ham palov tayyorlash narxi nisbatan yuqori shakllangan.
2025-yilda taksi uchun ommabop model Cobalt bo‘ldi

2025-yilda O‘zbekistonda taksi bozori aylanmasi 9,6 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, yil davomida soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyalashgan taksi agregatorlari soni 155 tadan 224 taga yetgan. Ular orqali qariyb 479 millionta safar amalga oshirilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 49,6 foizga oshgan.
Yo‘l haqi to‘lovlarining asosiy qismi hanuz naqd shaklda amalga oshirilmoqda — 6,74 trillion so‘m (70,2%). Naqd pulsiz to‘lovlar hajmi esa 2,87 trillion so‘mni (27,8%) tashkil etgan. Shu bilan birga, onlayn to‘lovlar ulushi izchil o‘sib bormoqda. Bir safar uchun o‘rtacha yo‘l haqi 20 ming so‘mdan oshib, 8,3 foizga ko‘tarilgan.
Ozarbayjonda O‘zbek tili va adabiyoti markazi ochildi

Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan Ozarbayjon tillar universitetida O‘zbek tili va adabiyoti markazi ochildi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.
Marosimda O‘zDJTU va Ozarbayjon tillar universitetlari rektorlari Ilxomjon To‘xtasinov hamda Kamal Abdulla qatnashdi. Shuningdek, Ozarbayjon–O‘zbekiston parlamentlararo aloqalar bo‘yicha ishchi guruhi rahbari, deputat Eldar Ibrohimov va boshqa rasmiy shaxslar ham ishtirok etdi.