Suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatishda yangi subsidiyalash tizimi joriy etiladi

Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va subsidiyalash tartibi yangilandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
2026-yil 1-oktabrdan boshlab suv tejovchi texnologiyalar ishlab chiqaruvchilari va mahalliy ta’minotchilar barcha nasos va filtrlarni QR-kodli maxsus yorliq ostida ishlab chiqarishi hamda sun’iy yo‘ldosh kuzatuv tizimi (GPS treker)ni o‘rnatishi shart.
Shuningdek, shu sanadan suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatish ishlari tasdiqlangan minimal talab va me’yorlar asosida majburiy tartibda bajariladi.
Ushbu o‘zgarishlar doirasida o‘z mablag‘lari hisobidan suv tejovchi texnologiyalarni joriy qiladigan tashabbuskorlar uchun yangi subsidiyalash tizimi joriy etiladi. Tizimga ko‘ra, loyiha tashabbuskori, avvalo, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha minimal talab va me’yorlar asosida loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlaydi. Tayyorlangan hujjatlar hamda ta’minotchi korxona bilan tuzilgan shartnoma asosida hisoblangan subsidiyaning dastlabki 50 foizi Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan oldindan ajratiladi.
Suv tejovchi texnologiyalar loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq o‘rnatilib, foydalanishga topshirilgach subsidiyaning qolgan 50 foizi loyiha tashabbuskori hisobiga to‘lab beriladi. Agar dastlab ajratilgan subsidiyaning 50 foizi to‘lab berilganidan keyin ikki oy ichida texnologiyalar o‘rnatilib ishga tushirilmasa, ajratilgan mablag‘lar belgilangan tartibda qaytariladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq suv tejovchi texnologiyalar bo‘lmagan yerlar uchun soliq ikki barobar oshirilishi haqida yozgan edik.