Angrenda ko‘p qavatli uydagi yong‘inda bir kishi halok bo‘ldi

Toshkent viloyatining Angren shahrida joylashgan ko‘p qavatli uylardan birida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, joriy yilning 7-fevral kuni soat 23:19 da Angren shahar, Dukent qo‘rg‘oni Ulug‘bek MFY hududida joylashgan 4 qavatli binolardan birining tom qismi yonayotgani haqida Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasiga xabar kelib tushgan.
Shundan so‘ng qutqaruv va yong‘in o‘chirish ekipajlari soat 23:30 da voqea joyiga yetib borgan. Binoda bo‘lgan barcha fuqarolar tezkor ravishda evakuatsiya qilingan.
Yong‘in soat 23:57 da qurshab olinib, uni o‘chirish ishlari boshlangan. Bartaraf etish jarayoniga yetarli kuch va vositalar jalb qilingan bo‘lib, vaziyat vazirlik tomonidan to‘liq nazoratga olingan.
Ma’lum qilinishicha, yong‘in bugun, 8-fevral kuni soat 00:50 da to‘liq bartaraf etilgan. Yong‘in oqibatida bir kishi halok bo‘lgan.
Avvalroq «Kursiv» nashri Aviator’dagi yong‘inidan so‘ng O‘zbekistonda xavfsizlik tekshiruvlari boshlangani haqida yozgandi.