Ro‘za tutishning ruhiy va jismoniy foydalari

17-fevral 2026 17:01 eʼlon qilindi

Hafiza Muxtorova

Hafiza Muxtorova

Jurnalist h.muxtorova@kursiv.media
Ro‘za tutishning ruhiy va jismoniy foydalari / Foto: Sun’iy intellekt

Ro‘za tutish nafaqat diniy ibodat, balki inson ruhiyati va salomatligi uchun muhim tarbiya maktabidir. U tanani tozalab, ongni sokinlashtirishga yordam beradi. Ro‘za orqali inson o‘zini nazorat qilish, sabr-toqat va shukronalikni o‘rganadi. Shu bois ro‘zaning foydalari faqat ma’naviy emas, balki jismoniy jihatdan ham juda kattadir. Ushbu maqolada muborak Ramazon ro‘zasini tutishning jismoniy, ruhiy va diniy foydalari yoritiladi.

Maqola quyidagi bo‘limlardan iborat:

1. Ro‘zaning diniy ahamiyati

Foto: Sun’iy intellekt

Islomning asosiy ibodatlaridan biri bo‘lgan ro‘za Alloh taoloning amridir va balog‘atga yetgan har bir musulmon uchun farz hisoblanadi. Qur’oni karimda bu haqda shunday deyiladi:

«Ey iymon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummatlarga) farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyad (shu orqali) taqvoli bo‘lsangiz!» — Baqara surasi, 183-oyat.

Ro‘za faqat och qolish yoki chanqash bilangina cheklanmaydi, balki sabr, taqvo va ixlosni tarbiyalaydi. U insonni gunohlardan tiyilishga, qalbini poklashga va Allohga yanada yaqinlashishga chorlaydi. Ro‘za tutgan kishi tilini yomon so‘zlardan, g‘iybat va yolg‘ondan saqlaydi, yuragini esa hasad va adovatdan poklashga harakat qiladi.

Foto: Sun’iy intellekt

Ro‘za haqidagi hadislar

Islom dinidagi ikkinchi muhim manbalar hisoblanmish Sahih al-Buxoriy va Sahih Muslim kabi ishonchli hadis kitoblarida ham Ramazon oyi fazilatlari haqida bir qancha hadislar keltirilgan.

  • Abu Hurayra (raziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qachonki Ramazon oyi kirsa, osmon eshiklari ochiladi, do‘zax eshiklari yopiladi, shaytonlar kishanlanadi», dedilar”.
  • Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Alloh taolo: “Odam bolasining har bir ishi (amali) o‘zi uchundir. Birgina yaxshilik o‘ntadan to yetti yuz barobargacha tengdir. Faqatgina ro‘za men uchundir va uning ajrini O‘zim berurman, chunki u (odam bolasi) ovqat va unga bo‘lgan ishtahasini ham, ichimlik va unga bo‘lgan ishtahasini ham meni deb tark etadi. Shunday ekan u (ya’ni, ro‘za) faqat Men uchundir va uning ajrini O‘zim beraman», dedi”.
  • Anas ibn Molik (raziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam birovni uylarida iftorlik qilsalar: “Agar uylaringizda ro‘zadorlar iftorlik qilsa va sizlarning pok taomlaringizdan yesa, sizlarning ustilaringizga farishtalar tushiriladi», derdilar”.
  • Abu Hurayra (raziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kimki Ramazon oyini iymon va savob umidida bedor o‘tkazsa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi, kimki qadr kechasini bedor o‘tkazsa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi», dedilar.

2. Depressiya va stress kamayishi

Foto: Sun’iy intellekt

Ro‘za tutish insonning ruhiy salomatligi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ibodatdir. Ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, Ramazon oyida ro‘za tutish ruhiy holatni yaxshilashga sezilarli darajada yordam beradi. Tizimli sharhlarda depressiya, xavotir va stress belgilarining sezilarli darajada kamaygani qayd etilgan.

Tadqiqotlarning 72,7%ida ro‘zaning depressiya alomatlarini pasaytirgani, 66,6%ida esa xavotirni kamaytirgani aniqlangan. Shuningdek, umumiy psixologik farovonlik 71,4% hollarda yaxshilanganligi ma’lum bo‘lgan. Bu natijalar ro‘zaning nafaqat ruhiy, balki umumiy salomatlikni qo‘llab-quvvatlashdagi ahamiyatini tasdiqlaydi.

3. Ro‘zaning hazm tizimi uchun foydasi

Foto: Sun’iy intellekt

Yil davomida bizga tinimsiz xizmat qilgan hazm tizimi ro‘za oyida dam oladi. Ovqat hazm qilish jarayoni to‘xtab turgan paytda ichki a’zolar tiklanadi va tozalanadi. Bu ayniqsa me’da va ichak faoliyati uchun foydalidir. Odatda, doimiy oshqozon og‘rig‘i yoki shishishdan shikoyat qiladigan insonlarda ro‘za davrida bu belgilar kamayadi. Ovqatlanish tartibining cheklanishi ro‘zadan keyin ham ortiqcha ovqatlanish odatini kamaytiradi. Natijada hazm tizimi sog‘lom va muvozanatli ishlay boshlaydi.

«Ro‘za hazm qilish tizimi faoliyatiga ijobiy ta’sir qiladi. Ovqatlanish oralig‘ining uzayishi oshqozon va ichaklarga dam beradi, ortiqcha yuklamani kamaytiradi va yallig‘lanish jarayonlarini pasaytiradi. Ro‘za davrida insulin darajasi pasayib, organizm energiya uchun zaxiralarni ishlatadi, metabolik muvozanat yaxshilanadi. Shu bilan birga, ichak mikrobiotasi tartibga solinadi va oshqozon kislotaliligi bilan bog‘liq muammolar kamayadi. To‘g‘ri tutilgan ro‘za hazm tizimining sog‘lom ishlashiga yordam beradi», — deydi ko‘p yilllik tajribaga ega gastroenterolog Baxtiyor Ummatov.

Hazm tizimini buzib qo‘ymaslik uchun shifkor tavsiyalari:

  • Saharlikda oqsil, murakkab uglevod va tolaga boy mahsulotlarni tanlash (masalan, tuxum, suli, sabzavot);
  • Iftorda ovqatni me’yorida va bosqichma-bosqich iste’mol qilish, birdaniga ko‘p yemaslik.
  • Juda yog‘li, qovurilgan va achchiq taomlarni cheklash;
  • Kamida 2-2,5 litr miqdorda suv ichish (iftor va saharlik oralig‘ida);
  • Surunkali oshqozon-ichak kasalliklari bo‘lsa, ro‘za tutishdan oldin shifokor bilan maslahatlashish.

4. Moddalar almashinuvi va vazn nazorati

Foto: Sun’iy intellekt

Ro‘za moddalar almashinuvini (metabolizm) tartibga solishda samarali vosita hisoblanadi. Tana energiyani makronutrientlardan – uglevodlar, lipidlar va oqsillardan oladi. Oziq-ovqat hazm bo‘lgach, bir qismi energiya sifatida ishlatiladi, qolgan qismi esa glikogen va lipid zaxiralarida saqlanadi. Ramazon oyida tong saharda ovqat yoki ichimlik qabul qilinmasa, tana taxminan sakkiz soat davomida oxirgi ovqatdan olingan energiya bilan ishlashda davom etadi.

Barcha ozuqa moddalar so‘rilgach, tananing energiya talabini qondirish uchun jigar va mushaklarda saqlangan glyukozadan foydalanish boshlanadi. Ushbu zaxiralar tugagach va qo‘shimcha oziq qabul qilinmasa, lipoliz jarayoni ishga tushadi va organizm yog‘ni yoqishni boshlaydi. Ovqatlanish vaqti cheklangani sababli bu jarayon ortiqcha vaznni kamaytirish va tana yog‘ini me’yorlashtirishga yordam beradi. Lekin ro‘za ozish uchun tutilmaydi. Shuning uchun, saharlik qilish lozim va bu ro‘zani davomiy tutishda tanani qo‘llab-quvvatlaydi.

Foto: Sun’iy intellekt

“Nutrisiolog sifatida aytishim mumkinki, ro‘za metabolik jarayonlarga ijobiy ta’siri, ayniqsa insulin sezgirligi va lipid profilini yaxshilashga yordam beradi. To‘g‘ri tashkil etilgan saharlik va iftorlik rejimi vaznni nazorat qilish va energiya balansini saqlaydi. Qabulimga keladiganlarning aksariyati ortiqcha vazndan aziyat chekadiganlar. Ularga ham ro‘za tutishni tavsiya qilaman.

Ro‘za oyidan keyin ham to‘g‘ri ovqatlanishlari, intizomdan chiqib ketmasliklari lozim. Bu intizomli ovqatlanish keyingi oylardagi tizimli parhez uchun poydevor bo‘ladi. Organizmda ovqatga tashnalik kamaygach, parhez qilish boshqa vaqtdagiga qaraganda oson tuyuladi», — deydi nutrisiolog Sayyora Najmiddinova.

5. Yurak va qon-tomir tizimi

Foto: Sun’iy intellekt

«Ro‘za yurak va qon-tomir tizimi salomatligini yaxshilashda muhim rol o‘ynaydi. Och qolish davrida qon bosimi asta-sekin pasayib, yurak faoliyatiga tushadigan yuklama kamayadi. Natijada yurak tinchroq ishlaydi va organizmda umumiy qon aylanishi yaxshilanadi. Ro‘za tutish xolesterin miqdorini kamaytiradi va qon tomirlarining elastikligini oshiradi, bu esa ularning tiqilib qolish xavfini kamaytiradi», — deydi kardiolog Umida Zokirova.

Tadqiqotlarga ko‘ra, ro‘za tutish triglitseridlar (qon yog‘larining bir turi)ni 17%–50% ga, umumiy xolesterin darajasini esa 15%–20% ga kamaytiradi. Shu bilan birga, ro‘za qon bosimi va yurak urish tezligini jismoniy mashqlar bilan erishilgan darajada yaxshilashga yordam beradi.

6. Iroda va nafsni nazorat qilish

Foto: Sun’iy intellekt

Ro‘za insonda kuchli iroda va o‘zini boshqarish qobiliyatini shakllantiradi. Kun davomida ovqat, ichimlik va ayrim xatti-harakatlardan tiyilish sabrni oshiradi. Bu ko‘nikma kundalik hayotda zararli odatlardan voz kechishda ham yordam beradi.

Masalan, ayrim odamlar ro‘za orqali chekishni tashlaganiga yoki kamroq shirinlik iste’mol qila boshlaganiga ko‘p guvoh bo‘lganmiz. O‘zini boshqarish kuchaygani sari inson hayotini tartibga sola boshlaydi. Bu esa shaxsiy rivojlanishga katta hissa qo‘shadi.

7. Ijtimoiy va axloqiy foydalar

Foto: Sun’iy intellekt

Ro‘za insonda mehr-shafqat va hamdardlik tuyg‘ularini kuchaytiradi. Och qolgan odam muhtojlarning ahvolini chuqurroq his qiladi. Bu esa saxovat va yordam berishga bo‘lgan istakni oshiradi. Ramazon oyida xayriya tadbirlari va sadaqa berish ko‘payadi. Jamiyatda mehr-oqibat kuchayib, insonlar o‘rtasidagi munosabatlar mustahkamlanadi.

Oila davrasida saharlik va iftorlik qilish oilada oqibat va birdamlikni kuchaytiradi. Bolalar kattalardan sabr va hurmatni o‘rganadi. Saharlik va iftorlikda duo qilish va minnatdorlikni ifoda etish qalblarga xotirjamlik beradi. Shu bilan birga, Qur’on o‘qish va ibodat muhitini yaratish har bir oila a’zosi ruhiy rivojlanishiga yordam beradi. Natijada ro‘za oilaviy birlik va ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlovchi ilohiy amaliyotga aylanadi.

8. Ro‘zaning ruhiy poklanishga ta’siri

Foto: Sun’iy intellekt

Ro‘za insonni sabr-toqatli, bardoshli va kuchli iroda egasi bo‘lishga o‘rgatadi. Ochlik va chanqoqlikni ongli ravishda boshdan kechirish orqali inson o‘z nafsini nazorat qilish, istaklarini boshqarish va shoshqaloqlikdan tiyilish ko‘nikmasini rivojlantiradi. Bu jarayon insonning ichki intizomini shakllantiradi va ruhiy barqarorligini oshiradi. Natijada qalbda ichki tinchlik, xotirjamlik va o‘ziga bo‘lgan ishonch kuchayadi.

Ko‘p odamlar Ramazon oyida kamroq asabiylashib, muammolarga sokinroq va mulohazaliroq yondashishga harakat qiladi. Ro‘za qalbni g‘iybat, hasad, adovat va salbiy fikrlardan poklashga yordam beradi, insonni yaxshilikka, kechirimlilikka, mehr-shafqatga undaydi. Ro‘za tutmagan odamlar ham yonidagi ro‘zadorlar hurmatidan o‘zini tiyadi. Natijada kishi o‘zini ma’naviy jihatdan yengil, toza va ruhiy jihatdan yuksalgan holda his qiladi.

Kimlar ro‘za tutmasligi mumkin

«Al-Fiqhul Hanafiyya» kitobiga ko‘ra, ro‘za tutmaslikka ruxsat berilgan kishilar ikki toifaga ajratiladi:

  1. Ro‘za tutmaslikka ruxsat berilgan va keyinchalik qazosini tutishi shart bo‘lganlar:

— Musofirlar;

— Vaqtinchalik kasallik bilan og‘rigan bemorlar;

— Homilador, emizikli, hayz yoki nifos ko‘rgan ayollar ;

— Halok bo‘lish xavfi mavjud holat yoki og‘ir mehnatdagi insonlar.

2. Ro‘zani tutmasligi lozim bo‘lgan va fidya to‘lash orqali ushbu farzini bajaradiganlar:

— Jismonan cheklangan keksalar;

— Surunkali kasallik bilan og‘rigan bemorlar.

Kursiv Uzbekistan saytida e’lon qilingan ushbu maqolada ro‘za tutmaslikka ruxsat berilgan kishilar va ularning uzrli holatlari haqida batafsil ma’lumotlarni bilib olishingiz mumkin.

Shuningdek