Angliyada ilk akkumulyatorli elektropoyezd ishga tushirildi

Angliyada mamlakat tarixida ilk bor faqat akkumulyator batareyalarida ishlovchi yo‘lovchi elektropoyezd muntazam qatnovni boshladi. Bu haqda hi-tech nashri xabar berdi.
Great Western Railway (GWR) kompaniyasiga tegishli ushbu poyezd sinovlar davomida bitta zaryad bilan 323 kilometr masofani bosib o‘tib, jahon rekordini qayd etdi. Bu masofa deyarli London va Bristol orasidagi yo‘lga teng.
Class 230 rusumli poyezd G‘arbiy London hududidagi Grinfors (Greenford) yo‘nalishida, uzunligi 8 kilometr bo‘lgan tarmoqda qatnay boshladi va dizel poyezdlarni to‘liq almashtirdi. Loyiha 22 oylik sinovlar natijasida amaliyotga joriy etildi.
Asosiy yangilik – o‘ta tezkor quvvatlash tizimi. Vest-Iling stansiyasida poyezd atigi 3,5 daqiqa to‘xtaydi. Shu vaqt ichida relslarning bir qismiga o‘rnatilgan 2000 kVt quvvatga ega maxsus zaryadlash qurilmasi batareyalarni energiya bilan ta’minlaydi. Tizim faqat poyezd aniq joylashganda ishga tushadi, bu esa jarayonni xavfsiz va samarali qiladi.

GWR texnik direktori Saymon Grinning ta’kidlashicha, sinovlar akkumulyatorli texnologiyalar kontakt tarmog‘ini tortish qiyin yoki maqsadga muvofiq bo‘lmagan hududlar uchun ishonchli muqobil yechim ekanini ko‘rsatdi.
Avvalgi rekord 223 kilometr bo‘lib, u Germaniyaning Stadler kompaniyasiga tegishli edi. Yangi britan rekordi uni 90 kilometrga ortda qoldirdi va texnologiyaning mintaqaviy yo‘nalishlar uchun amaliy jihatdan yaroqli ekanini isbotladi. Greenford yo‘nalishi esa real sharoitlarda ma’lumot yig‘ish uchun tirik laboratoriya vazifasini bajaradi.

Mazkur loyiha Buyuk Britaniyaning kelgusi o‘n yil ichida dizel poyezdlardan to‘liq voz kechish rejasining bir qismi hisoblanadi. Network Rail direktori Markus Jonsning so‘zlariga ko‘ra, akkumulyatorli poyezdlar 2050-yilgacha nol chiqindi (net zero) maqsadiga erishishda muhim rol o‘ynaydi.
Hozircha poyezd faqat shanba kunlari qatnaydi, biroq yil davomida qatnovlar muntazam yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Mutaxassislar fikricha, 100 kilometrdan ortiq masofani zaryadsiz bosib o‘ta oladigan poyezdlar ommaviy joriy etish uchun yetarli bo‘lib, yangi rekord bu maqsad real ekanini ko‘rsatdi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston tezyurar poyezdlar xavfsizligi bo‘yicha Ispaniya bilan kelishuvga erishgani haqida yozgandi.