O‘zbekistonda bank kartalari soni 68 milliondan oshdi

eʼlon qilindi
2026-yil 1-yanvar holatiga
Bank kartalari
Foto: Kursiv Uzbekistan

Markaziy bank O‘zbekistonda bank plastik kartalari, to‘lov infratuzilmasi va naqd pulsiz hisob-kitoblar bo‘yicha so‘nggi statistik ma’lumotlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvar holatiga respublikada muomalaga chiqarilgan bank kartalari soni 68 million 267 ming donadan oshgan.

Bu ko‘rsatkich uch yil avvalgi raqamlar bilan solishtirilganda qariyb ikki baravar o‘sishni anglatadi. Xususan, 2023-yil 1-yanvar holatiga 34,2 millionta, 2024-yil boshida 46,2 millionta, 2025-yil yanvarida esa 62 millionta bank kartasi muomalada bo‘lgan.

Shu bilan birga, mamlakatda to‘lov infratuzilmasi ham izchil kengayib bormoqda. 2026-yil boshiga qadar 430 ming 762 dona to‘lov terminali o‘rnatilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich bir yil avval 426 ming 225 donani tashkil etgan.

Bankomat va infokiosklar soni ham sezilarli darajada oshgan. Ayni paytda respublika bo‘ylab 40 ming 90 dona bankomat va infokiosk faoliyat yuritmoqda. Taqqoslash uchun, 2025-yil 1-yanvar holatiga bu ko‘rsatkich 29 ming 909 dona edi.

To‘lov hajmlarida ham keskin o‘sish qayd etildi. 2026-yil 1-yanvargacha to‘lov terminallari orqali 460,25 trillion so‘mlik operatsiyalar amalga oshirilgan. Bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan (326,7 trillion so‘m) 133,5 trillion so‘mga ko‘p.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy bank banklar va to‘lov tizimlariga kiberhujum bo‘lmagani haqida izoh berganini yozgandi.

Shuningdek